Teranlik(Shoira Zulfiyaga)

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

TERANLIK Shoira ZULFIYAga Teranlikni qidirmadim ummonlardan, Insonlardan topdim uni, insonlardan. Teranlik bu - nur yog‘ilgan yuzlardadir, Teranlik bu - о‘ychan boqqan ko‘zlardadir, Teranlik bu - aytilmagan so‘zlardadir. Mayingina chimirilgan qoshlardagi, Nuqra-nuqra qirov qo‘ngan sochlardagi, Bo‘ronlarda egilmagan boshlardagi Teranlikning ta’rifiga so‘z bormikan?.. Mash’um yillar dilga solgan ozoridan, Onalarning hasratidan, oh-zoridan Odamlarning yuragida ummoni bor, Ummonlarning sokinligi, to‘foni bor. U yillarning zilzilasi ko‘kraklarda, Mash’um urush dog‘i hali yuraklarda. Hassos qalbdan oqqan eng pok tilaklarda, Umidlarda hayot qadar teranlik bor, Ko‘ngildagi sabot qadar teranlik bor. Teranlikni qidirmadim ummonlardan, Insonlardan topdim uni, insonlardan.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.