Yoshlik
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
YOSHLIK
Yoshlik!
Seni kuylamagan kim,
Ertaklaring so‘ylamagan kim,
Qariganda o‘ylamagan kim,
О‘ylab yana kuylamagan kim?
Bitmoq bo‘ldim men ham senga bayt,
Yosh yurakning haqqi bormi, ayt?
Yoshlik, asli mening o‘zimsan,
Keng olamga boqqan ko‘zimsan.
Yozgan she’rim, aytgan so‘zimsan,
Kecham, ertam, ushbu ro‘zimsan.
Bitmoq bo‘ldim sen uchun ash’or,
Ammo o‘zni kuylamoq dushvor.
Yoshlik - gul-u gulg‘uncha ekan,
Bu gul olam turguncha ekan,
Yoshlik - behad tushuncha ekan
Poyoni yo‘q garduncha ekan.
Bitmoq bo‘ldim men unga doston,
Uylarimga topmadim poyon.
Yoshlik, dildan shavq ketgani yo‘q,
Yurak seni tark etgani yo‘q,
Yurak seni tark etgani yo‘q,
Demak, qadringga yetgani yo‘q.
Yoshlik, seni kuylab bilurman,
Ammo bugun yoshlik qilurman.
Yoshlik - ishq-u oshiqlik mayli,
O‘zi Majnun, ham o‘zi Layli,
Subhi olam uning tufayli.
Mayli, unga bitmasam mayli,
Na bir g‘azal, na bir musaddas,
Uning o‘zi she’rdan muqaddas.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish