Tog‘ bilan suhbat
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
TOG‘ BILAN SUHBAT
Deyman: Bulutlarga chulg‘angan, oppoq
Tumanli boshingga quyosh to‘kar nur.
Kimsanki, qarshimda yuksalib mag‘rur,
Uzoq-uzoqlarga boqasan, o‘rtoq?
Aks sado der: - Tog‘!..
Deyman: g‘orlaringga qo‘yganman qadam,
Ulkan qoyalaring quchib o‘tganman.
Ustingdan necha bor uchib o‘tganman.
Kimmanki, shunchalar yuksak irodam?
Aks sado: - Odam!..
Deyman: Quvonchingga tor kelur jahon,
Tongdan boshlanarkan bag‘ringda gurung.
Nimadir shunchalar faxring, g‘ururing,
Ayt, nelar qilibdi qo‘yningda makon?
Aks sado der: - Kon...
Deyman:Fanlar sari shaxdam yo‘l oldim,
Porloq istiqbolim ko‘z tutar menga.
Ishon, bir kun yana kelaman senga.
Ammo kim bo‘lib - shu fikr-u xayolim.
Aks sado: - Olim...
Tilagim shu, o‘rtoq, haqlisan butkul,
Ilmlar tog‘i bor qarshimda hali,
Javohirlar to‘la bag‘ring ochgali
Quchog‘ingga yana kelaman, kutgil!
Aks sado der: - Kel!
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish