Hofizga

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

HOFIZGA Ming Samarqand, ming Buxoro Hadya etgum xol uchun, Lek nigorimda havas yo‘q Mulk-u davlat, mol uchun Senga yulduzli samoni Sovg‘a aylarman desam, Nozlanib, o‘ldimmi, deydi, Bu cho‘tir ro‘mol uchun. Gar hiloldan sirg‘a taqmoq Istasam, aytur sanam Zormidim jezdan yasalgan Hiylayi a’mol uchun. Ul parivash chehrasini Oyga etgandim qiyos, Bir umr uzr aytadurman Bu xato timsol uchun. Hajrda qaddimni dol Etding, desam, bergay javob Kim qo‘yibdur sevgini Qaddi bukilgan chol uchun. Yor istig‘nosidan O‘masman-u, kuydim va lek Lobarim oldida nazmim Bu qadar behol uchun.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.