Bolalar

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

BOLALAR Sizlar - ota, Biz - bola bu kun, Bizdan - salom, sizlardan - alik. Ammo erish tuyilar nechun Endi sizga bizning bolalik! Siz ham, axir, bola bo‘lgansiz, Ko‘zingizda porlagan hayrat. O‘ynagansiz, sho‘xlik qilgansiz. Qalbingizni qiynagan g‘ayrat. Ayting, Yo siz gohi-gohida Qoidani buzmaganmisiz? Tirmashib yo o‘rik shoxiga, Ko‘k g‘o‘ralar uzmaganmisiz? O‘zboshimcha nomini olib, Cho‘milmaganmisiz anhorda? Yalangoyoq, to‘g‘ri yo‘l qolib, Yurmaganmisiz hech devorda? Sizlar - ota, Biz-biz bola bu kun, Sizdan hay-hay, bizdan - to‘polon. Nega sizga har narsa mumkin, Nega bizga har ish qatag‘on? Chiqirlaydi devorda soat, Sekundlarni qiladi-hisob Sizga uning borligi - rohat, Bizga uning sirligi - azob. Magnitofon sizlarga - kerak, Qo‘ndirmoqni istamaysiz gard. Bizlar uni ochib ko‘rmasak, Dilimizdan tarqamaydi dard. Toshoynaga koptokni ursa, Sinarmi yo sinmasmi - qiziq. Oshpichoqni tuproqqa suqsa, Unarmi yo unmasmi- qiziq. Bizlar bu kun koni xatoning, Ne ish qilsak, bari ziyondir. Xatolarsiz lekin dunyoning Butunligi o‘zi gumondir. Sizlar - ota, Biz - bola bu kun, Bizdan - salom, sizlardan - alik, Bizni hadeb tergaysiz nechun, O‘zingizda yo‘qmi bolalik? Ishonasiz gohi ertakka Bir marta tan berib qo‘yinglar, O‘xshab ketar bizning ermakka Siz o‘ynagan ba’zi o‘yinlar... Biz gohida shokolad uchun. Yashirmaymiz, bo‘lamiz ayyor. Axir, siz ham shon-shuhrat uchun Nimalarga bo‘lmaysiz tayyor? Bizlar danak talashsak bog‘da Xipchin olib quvasiz bizni. Sizlar amal talashgan chog‘da, Kim turg‘izar burchakka sizni? Sizlar - ota, Bizlar - bolamiz, O‘zgarishda deydilar olam. Bir kun sizga yetib olamiz, Bolalikka qaytasiz siz ham. Oshno bo‘lar sizga xayolot, Bizga esa... Biz - oilalik. Bolalik - bu asli kamolot, Kamoli umr esa - bolalik.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.