Sakkizinchi mart
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
SAKKIZINCHI MART
Bukun o‘zgachadir jilvayi olam,
Bukun o‘zgachadir borliqda xanda.
Bukun ko‘zlarimga go‘yo quyosh ham
Shafaq gulxanida tarang chirmanda.
Bukun tong egnida atlasdan kovylak,
Shafaqqa o‘ralgan qizlarday gulgun.
Ilk bora kо‘z ochib chiqqan boychechak
Sanamlar qo‘liga intizor bukun.
Bukun go‘zallikning qutlug‘ ayyomi,
Qizlarning ko‘klamga mosligidir bu.
Yuraklar limmo-lim muhabbat jomi,
Bahor kelganining rostligidir bu.
Ha, bukun elda ham, dilda ham bahor,
Shodlik xandalari falakka tutash.
Bukun ertalabdan yigitlar qator,
Attor do‘konida atirlar talash
Otaxon chollar ham tavoze bilan
Yetmish yillik yorin sizlab turibdi.
Bukun shoirlar ham o‘z bisotidan
Eng yaxshi baytlarni izlab turibdi.
Ovora bo‘lmang, ey, hassos shoirlar,
Ayol tasviriga ojiz erur she’r.
Chunki yor zulfining bir tolasiga
Tashbeh topa olmay o‘tgan Alisher.
Sevgi asrorini izlamay qo‘ying,
Topilmas narsani qidirmoq nechun?
Muhabbat sirini bilolmay o‘tgan
Karbalo dashtida ovora Majnun.
Ming yilcha muqaddam Hofizi Sheroz
Bir go‘zal xoliga bo‘lgandi banda.
Tasavvur qilolmam, ne der edi u
Bukun anjumanda o‘zi bo‘lganda.
Balki aytar edi u bir loyiq so‘z,
Balki tashbehlari bo‘lar edi fosh.
Chunki, ko‘zingizga teng qaysi yulduz,
Yuzingiz oldida nimadir quyosh?
Siz, axir, siynasi samoni quchgan,
Sizning izmingizda zamin-u zamon.
Siz oy kemasida oy bo‘lib uchgan,
Yorug‘ chehrangizdan olam charog‘on.
Bukun o‘zgachadir jilvayi olam,
Bukun o‘zgachadir borliqda xanda.
Bukun ko‘zlarimga hatto quyosh ham
Shafaq gulxanida tarang chirmahda
Bukun ayyomingiz muborak qilib,
Zumurrad sepjni yoyibdi bahor.
Bahoriy qizlarning husniday to‘lib
Olam go‘zalligi bo‘lsin barqaror.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish