Qo‘llar
1960-1990-yillar
Qasida
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
QO‘LLAR
Qasida
Taningda kamtarin a’zo
Bu qo‘llardir, bu qo‘llardir,
Mudom mehnat uchun,paydo
Bu qo‘llardir, bu qo‘llardir.
Jahonda toki bunyodsen
Ki, nomi odamizodsen,
Yurakdek tinmagan aslo
Bu qo‘llardir, bu qo‘llardir
Hayot deb yerdan uzsang ham,
Najot deb ko‘kkа cho‘zsang ham,
Tiriksan to senga oshno
Bu qo‘llardir, bu qo‘llardir.
Zamin bunyodi bu qo‘llar,
Uning barbodi bu qo‘llar.
Saodat ham buyuk savdo
Bu qo‘llardir, bu qo‘llardir.
G‘azal baxsh etgan olamga,
Ajal keltirgan odamga
Bu tigvdir, bu guli ra’no,
Bu qo‘llardir, bu qo‘llardir.
Sevar yorga gul uzgan ham,
Ochiq kaftini cho‘zgan ham
Tilab xayr-u zakot tanho,
Bu qo‘llardir, bu qo‘llardir.
Jahon da’vosini etgan,
Jahondin lek ochiq ketgan,
Iskandar ilki beda’vo
Bu qo‘llardir, bu qo‘llardir.
Kulol aylantirar charxin,
Qaro loy san’at o‘lgay chin,
Bujur, lek san’ati zebo
Bu qo‘llardir bu qo‘llardir
Tutibdur igna jonona,
Bo‘libdur she’r so‘zona
O‘zi oltin, ishi tillo
Bu qo‘llarclir, bu qo‘llardir.
Ajab, nozik bu barmoqlar
Terib misqol qilur tog‘lar,
Jahonda eng buyuk kimyo
Bu qo‘llardir, bu qo‘llardir.
Diyorim bir saxiy soqiy
Orol unga mayi boqiy,
Sir-u mavjli Amudaryo.
Bu qo‘llardir bu qo‘llardir
Qo‘yib nuqta qasidamga,
Boqarman tonggi olamga,
Quyoshdan shu’lalarmu yo
Bu qo‘llardir, bu qo‘llardir
Salom, oftob, salom, dunyo
Salom, she’rim, seni tanho
Yurakmas aylagan insho
Bu qo‘llardir, bu qo‘llardir.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish