Do‘stlarimga

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

DO‘STLARIMGA Nasiba va Anvar uchun Ko‘ngil, och do‘stlaringning Vasfiga sen nazm daftarni, Qalam gul shoxidan, kо‘ngil, Siyoh qil mushk anbarni. Quy, ey soqiy, qadahni, Bu kecha hattoki osmon ham Labo-lab kosada maydek Ko‘tardi mohi anvarni Falak yulduzdan ol yoqmish Bukun to‘yning qozoniga, Somon yo‘lin shakar aylab, Cho‘michdek tutdi Hulkarni Bu oqshom ne uchun raqs Etmasin sayyoralar xandon, Muzayyan bir uzukka Qo‘ndirib pokiza gavharni. Bu osmon necha ming yil Charx urib kо‘rmabdi bir bora Bahor gulzorida o‘sgan Bu yanglig‘ toza gullarni. Jahon gulzorlarin kezding, Bukun baxtdan quvon, do‘stim, Nasib etmish senga, Anvar, Bahor gul yuzli dilbarni. Hayot jomin ko‘tar, do‘stim, Tilak qil, sevgi bor bo‘lsin, Sira tark etmasin bu baxt Nasiba birla Anvarni.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.