Inson
1960-1990-yillar
Qasida
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
INSON
Qasida
Sobit-u sayyorada
Inson o‘zing, inson o‘zing.
Mulki olam ichra bir
Xoqon o‘zing, sulton o‘zing.
Sobit o‘z ma’vosida,
Sayyor fazo dunyosida,
Koinot sahrosida
Karvon o‘zing, sarbon o‘zing.
Shams - dil taftingdadur,
Sayyoralar kaftingdadur,
Keng jahon zabtingdadur,
Bog‘bon o‘zing, posbon o‘zing.
Bu yorug‘ dunyo nadur?
Koshonadur, vayronadur,
Senga mehmonxonadur,
Mehmon o‘zing, mezbon o‘zing.
Bunda oq birla qaro,
Zulmat, ziyo, shoh-u gado,
Jang qilurlar doimo,
Ul yon o‘zing, bul yon o‘zing.
Sen balo, ham mubtalo,
Xayr ila kin, rost-u riyo,
Fitnagar olam arо
Fatton о‘zing, qurbon o‘zing.
Goh adolat bog‘ida,
Piri adovat gohida,
O‘z diling dargohida
Shayton о‘zing, g‘ilmon o‘zing.
Xormisan yo gulmisan,
Tojdormisan yo kulmisan,
Chug‘zmisan, bulbulmisan,
Nodon o‘zing, xushxon o‘zing.
Bu hayot o‘rmon ekan,
Jon borki, qasdi jon ekan,
Bunda qatl oson ekan,
Sirtlon o‘zing, jayron o‘zing.
Bu hayot ummon ekan,
Ummon abad gardon ekan,
Qatradek sarson ekan,
Sarson o‘zing, gardon o‘zing.
Mash’ali fikrat - sening,
Ham changali vahshat sening,
G‘ayrat-u g‘aflat sening,
Javlon o‘zing, uryon o‘zing.
Qilding-u oyda xirom,
Ham yerda qon to‘kding harom,
Ushbu holingdan mudom
Xandon o‘zing, giryon o‘zing.
Minding ilm narvoniga,
Chiqding funun osmoniga,
Bu jahon ayvoniga
Arkon o‘zing, vayron o‘zing.
Zarrani ijod etib,
Dahshat balo bunyod etib,
Oqibatni yod etib
Hayron o‘zing, hayron o‘zing.
Bog‘i arz obod erur
Sendin,agar imdod erur,
Yo‘qsa u barbod erur,
To‘fon o‘zing, to‘g‘on o‘zing.
Sen hilol, yulduz, salib,
Tavrot, Zaburdin yuksalib,
Boymisan yoki g‘arib,
Komron o‘zing, yakson o‘zing.
Kim farangi, kim habash,
Irq, qon talash, imon talash,
Shulmi insondek yashash,
Armon o‘zing, afg‘on o‘zing.
Mamlakatga mamlakat,
Millatga millat bo‘lsa qasd,
Qilg‘uvchi so‘ng oqibat
Armon o‘zing, afg‘on o‘zing.
Onayizoring - zamin,
Tanho yo‘g‘-u boring - zamin,
Xasta bemoring - zamin,
O‘glon o‘zing, darmon o‘zing.
Bag‘rida yotguchi - sen,
Ne’matlarin totguchi sen,
Tig‘ bo‘lib botguchi - sen,
Paykon o‘zing, qalqon o‘zing.
Marsga to‘p otguvchi - sen,
Zuhroni uyg‘otguchi - sen,
Uyquda qotguchi - sen,
Uyg‘on o‘zing, uyg‘on o‘zing?
Kelding olamga, demak,
Yetmas uni so‘rmak, yemak,
Yerni etmog‘ing kerak
Bo‘ston o‘zing, rizvon o‘zing.
So‘zga ham poyon bo‘lur,
Yozsam yana devon bo‘lur.
Rustami doston bo‘lur,
Doston o‘zing, devon o‘zing.
Bo‘lmasin subhing qaro,
Bor bo‘l mudom borliq aro,
O‘zni etgil doimo
Inson o‘zing, inson o‘zing.
Ey, sen Erkin, sen bukun
Yozding dilingdan bir tugun,
Sen kim-u ne dahri dun,
Biyron o‘zing, nodon o‘zing.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish