Keksalik gashti

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

KEKSALIK GASHTI Qarilik gashtini maqtashdan ko‘ra, Muxbir bolam, uni bizlardan so‘ra. Mana, biz bu gashtni surayotirmiz, Ertalab inqillab turayotirmiz. Og‘riqdan qaqshagan belimiz silab, Kavushimiz sudrab, chunon imillab, Belimiz changallab yurayotirmiz, Qarilik gashtini surayotirmiz. Bilakdan kuch ketgan, ko‘zdan esa nur, Pashshamizni zo‘rg‘a qo‘rayotirmiz. Bir mahal «oq» urib qilardik huzur, Endi «valokardin» urayotirmiz. Kelar ichimizdan xo‘rsiniq chuqur, Asqar tog‘ edik-ku, nurayotirmiz. Ko‘namiz, ne iloj, shunga ham shukr, Harqalay ko‘z tirik, ko‘rayotirmiz. Qarilik gashtini surayotirmiz. Qarilikni havas qilmagin, bolam, Yomon ko‘rinadi ko‘zingga olam. Qariganda achib qolarkan odam, Ba’zan bobov bo‘lib hurayotirmiz. Qarilik gashtini surayotirmiz. Qarilik gasht emas, yulg‘unli dasht ul, Qarilik tikandir, yoshlik esa gul, Yoshlikka ne yetsin, u o‘zi ma’qul. Yoshlik xazinadir, qarilik - bir pul. Yigitlarga aytar nasihatim shul: Yosh yoshlikda yoshlik gashtini sursin, Keksalik ham kelar, uni ham ko‘rsin, Hozircha qarishga shoshmasdan tursin - Belangisi qursin, yo‘tali qursin. Agar ma’qul bo‘lsa faxriy degan nom Barcha nishonimiz olib, bir oqshom Yoshligini bizga qarz berib tursin. Qarilik gashtini maqtashdan ko‘ra, Muxbir bolam, uni bizlardan so‘ra.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.