Oyning o‘n beshi qorong‘u

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

OYNING O‘N BESHI QORONG‘U «Umrini oshiq hamisha O'tkazur orzu bilan». Oyning o‘n beshi qorong‘u, O‘n beshi yog‘du bilan. Sevgida ko‘ksingga tomgan Ko‘z yoshingdan foyda yo‘q, Ishq axir shuhday olovki, O'chmagay u suv bilan. Zahmati ishq dard erursa, Zahmati she’rdur davo, Chunki, og‘uning shifosi, Deydilar, og‘u bilan. Barcha zahmat menga bo‘lsin, Mayli, doim men yashay Bu ajib totli azob-u Bu shirin qayg‘u bilan. Yoshligim - umrim nahori, Ishqu she’rsiz ne hayot? Tongni yolg‘iz g‘aflat ahli O‘tkazur uyqu bilan. Yorni men jonim deb aytsam, Iltifot deb o‘ylama, U yashar mensiz va lekin Men tirikman u bilan.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.