Dildorga noma yozdim

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

DILDORGA NOMA YOZDIM Gul boylarini bog‘dan keltirgan ey shabboda, Dildorga noma yozdim, yetkur uni havoda. Yetkur uni va lekin, ko‘ngliga qayg‘u solma, Sharhi dilim etarda bo‘lsin tiling navoda. Hasrat to‘la so‘zingdan ozor topar nigorim, Ramzi ishora birlan qilgin uni ifoda. Gulbargi lolani elt, qo‘ygin qadah yoniga, Yuz hajrida yurak qon misli qadahda boda. Bargi xazonni olib yoniga qo‘ygin-u ayt: Bu oshig‘ing yuzi deb hijron degan baloda. Gul shoxidan tikan uz, gulbargi lolaga sanch. Ko‘ksimga tig‘ uraymi, hech qolmadi iroda. Sahro g‘uboridan elt, hozirligimni bilsin Men dashti Karbaloni kezmoqqa ham piyoda. Bir tola kiprigimni eltib oyog‘iga qo‘y, Bedor ko‘zim yo‘lida har shom ila saboda. Dildorga noma yozdim, yetkur o‘zing, men ojiz, Gul bo‘ylarini bog‘dan keltirgan ey shabboda.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.