Vatan sog‘inchi

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

VATAN SOG‘INCHI Chet ellarda xizmat qilayotgan o‘zbek birodarlarimga Qay oliy makonga safar qilmayin Qay yiroq sohilga eltmasin qismat, «Assalom alaykum!» deya jilmayib Bir o‘zbek qondoshim qarshilar albat. Bizlar Kolomboga qo‘nganda sahar, Ilk bor u qarshilab parvona bo‘ldi. Shunda rutubatli, badbo‘y bu shahar Ko‘zimga charaqlab Farg‘ona bo‘ldi. Madorasda tilmoch ul o‘zbekzoda Barobar so‘zlardi sakkiz tilda ham. U oq xalat qiyib dorushshifoda, Afg‘on bolasiga qo‘yardi malham. Nur qasrini tiklab Furot uzra u Arab xonasiga yoqardi quyosh. Paxta о‘stirardi Nildan olib suv, Qalbida Afriqo filicha bardosh. Misrda Yusufdek bo‘lib ko‘rindi, Yamanda u menga tuyildi Hotam. Bu ayon tuyg‘udir - na qilsa endi Olovdek tashlanar ko‘zga o‘z odam. Bukun olis yo‘ldan qaytganim chog‘da Ilk satrimda sizni qildim mukarrar - Ey, siz, jondoshlarim, yurtdan yiroqda Yurtning xizmatiga bog‘langan kamar! Bilaman, ne azob yuki hijronning, Ne darddur oy-yillar bo‘lmoq intizor. Bilaman, sog‘inchi O‘zbekistonning Ko‘zingiz tubida hamisha bedor. U jahon ichida bitta jahondir, Bir ko‘rgan umrbod qilgusi havas. Yerning tortish kuchin yengmoq osondir, Ona-Yer mehridan uzilib bo‘lmas. Do‘stlarim, har qayda bo‘ling salomat, Omon qayting uyga olis makondan. Tilagim, hech qachon, hech qachon qismat Bizni ayirmasin o‘zbekistondan.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.