Quyosh

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

QUYOSH Dilbarim husniga ko‘kda Mahliyo bo‘lsin quyosh, Mahliyo ermas ko‘yida Bir gado bo‘lsin quyosh. Ko‘rmasa bir dam jamolin Men kabi zor yig‘lasin, Abr ichiga berkinib Motamsaro bo‘lsin quyosh. Gar havas qilsa nigorim Husniga, barq ursin ul, Rashki kelsa kuysin-u Yonsin, ado bo‘lsin quyosh, Ul kecha yor vasliga Yetdim deganda otdi tong, Qildi dildordan judo, Yuzi qaro bo‘lsin quyosh. Deydilar, ishq otashidan Oftob ham taft olur, Gar isinmoq istasa Qalbimga jo bo‘lsin quyosh. Bor ishonchim, bir kuni Yongay quyosh Qutb uzra ham, Muz yuraklarga va lekin Noravo bo‘lsin quyosh. So‘nmasin olam charog‘i, Tinmasin nur chashmasi, To muhabbat umridek Umri baqo bo‘lsin quyosh.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.