Xayol

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

XAYOL Kechalar kipriklarimda Tarki xob aylar xayol, O‘z hayotimdan o‘zimga Sarhisob aylar xayol. Qissa aytur moziydin goh, Ertadan afsona goh, Goh savol aylar ko‘ngilga, Goh javob aylar xayol. Ko‘kda suzgan oyni ko‘zga Bir kichik fonus etib, Pirpirab yonguvchi shamni Mohi tob aylar xayol. May to‘la jom ichra to‘fon Mavjini paydo qilur, Tong shafaq alyonini Gulgun sharob aylar xayol. Ming asrlar kori holin Qilgay u bir soniya, Lahzaning mazmunini Ming bir kitob aylar xayol. Neki zabt etmish shuur, Bois xayol o‘lsa, ne tong, Dilga parvoz ayla deb Mangu xitob aylar xayol. Bu shitob asrim xayolga Etdim-u tezlikni baxsh, Bilmadim, asrimni olg‘a Yo shitob aylar xayol. Bor ekan inson qo‘lida Orzu yoqqan chiroq, Bu chiroqni, o‘yla, bir kun Oftob aylar xayol. Men xayolni she’rga soldim, Oyparast bo‘lma va lek, Besamar bo‘lsa seni Bir kun xarob aylar xayol. Bo‘lgin, Erkin, har nafas Ezgu xayolga oshino, Pok esa niyat, seni Olijanob aylar xayol.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.