Dostonga yoz
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
DOSTONGA YOZ
Kel, muhabbat lazzatin
Ta’rif etib dostonga yoz,
Turfa gullardan tikib,
Har baytini bo‘stonga yoz.
Sevgi nazmiga jahonning
Gulistoni yetmagay.
Nur qalam birlan muhabbat
Sharhini osmonga yoz.
Lolagun aylab yana
Mag‘rib-u mashriq ufqini,
Bir g‘azal vasliga baxsh et,
Bir g‘azal hijronga yoz.
Ta’rifi ishq dardiga
Etgin yurak qonin siyoh,
Dilga yoz dilbar so‘zin,
Jonon so‘zini jonga yoz.
Dardni sen har kimga aytib
Oh-u faryod etma ko‘p,
Kuysa joning, jonajoning,
Shavqi jon jononga yoz.
Bahrasiz oldida, Erkin,
Ochma ko‘ngil daftarin,
Neki yozsang, dil so‘zini
Anglagan insonga yoz.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish