Vatan istagi
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
VATAN ISTAGI
Bu Vatanda bir Vatan
Qurmoqni istaydir ko‘ngil,
O‘zni ozod qush kabi
Ko‘rmoqni istaydir ko‘ngil.
Bu Vatan timsoli bo‘lsa
Tong quyoshi shu'lavor,
Shu’lalar qo‘ynida charx -
Urmoqni istaydir ko‘ngil.
Ul Vatanga bayroq - insof,
Tug‘i sarhad, muhri - mehr,
Sarhad uzra soqchidek
Turmoqni istaydir ko‘ngil.
Kim bu tuproq qadrin istar
Aylamoq tuproqqa teng,
Ko‘ziga tuproq bilan
Urmoqni istaydir ko‘ngil.
Ul Vatan yelkanlarini
Ma’rifat ummonida
Qiblayi imon sari
Burmoqni istaydir ko‘ngil.
Bas, yetar yolg‘on saodat,
Yolg‘on erk, yolg‘on vatan,
Hurriyat zavqini chin
Surmoqni istaydir ko‘ngil.
Qutlug‘ istiqlol kunida,
Ey Vatan, bag‘ringda shod
Erkin o‘g‘loning bo‘lib
Yurmoqni istaydir ko‘ngil.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish