Sevgi shunday navbahorki
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
SEVGI SHUNDAY NAVBAHORKI
Sevgi shunday navbahorki,
U tikandin gul qilur.
Toshga jon-u til bag‘ilshlab,
Zog‘ni ham bulbul qilur.
Sevgi shunday dard erurki,
Barcha bo‘lg‘ay mubtalo,
Mubtaloni neki qilsa
Telba bu ko‘ngil qilur.
Sevgi shunday tangridirki,
Unga tengdur shoh, gado,
Qulni aylab shoh-u sulton,
Shohni bo‘lsa qul qilur.
Sevgi shunday bir olovki,
Jonga undan yo‘q omon,
Gulxanida o‘rtab-o‘rtab,
Bir kun oxir kul qilur.
Sevginingdir hukmi mutlaq,
Istasa shaydolarin.
Chashmi giryonidan ummori,
Ohidan dovul qilur.
Sevgiga she’r bitding, Erkin,
Besabab ermaski, ishq -
Aylagach ko‘ngulni ishg‘ol,
She’r ila mashg‘ul qilur.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish