Kimni etmas bu ko‘ngil shaydo
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
KIMNI ETMAS BU KO‘NGIL SHAYDO
Dunyo ekan...
Ishq degan savdo
Bormi faqat mening boshimda?!
Kimni etmas bu ko‘ngil shaydo,
Kim she’r yozmas mening yoshimda?!
Sevgi ilk bor tushdi-yu qalbga
Hayotimning bo‘ldi mazmuni.
U qo‘limga tutqazib qalam,
Ko‘zlarimdan oldi uyquni.,
Oldi butun fikr-u xayolim,
Ketdi dildan orom, halovat.
Sevgi butun borimni olib,
She’r zavqini qoldirdi faqat.
Borliq olam ko‘zimga ming-ming
Go‘zallikka to‘lib ko‘rindi
Gullar menga oshiq bulbulning
She’r daftari bo‘lib ko‘rindi...
Ayb etmangiz,
Do‘stlar, bu savdo
Bormi faqat mening boshimda?
Kimni etmas bu ko‘ngil shaydo,
Kim she’r yozmas mening yoshimda?!
Ko‘yida men tosh boshimni
Urmagan ostona yo‘q,
Elda bor shunday masal:
Jon chekmasang jonona yo‘q.
Sevgi vodiysida menga
Teng bo‘lolgay qaysi Qays?!
Ko‘nglim ochsam, ikki dunyo
Bu kabi afsona yo‘q.
Shahr ichida holatimdan
Kulmagan bir oqil-u,
Xilvat ichra menga ulfat
Bo'lmagan devona yo‘q.
Ne ajabkim, mast bo‘libman
Ko‘zlaringga termilib,
Yetti iqlimda bu yanglig‘
May yo‘g‘-u mayxona yo‘q.
Ishq g‘amin aytsam qalamga
Ich-etin kuydirdi ul,
Sevgidek o‘t yo‘q jahonda,
Men kabi so‘zona yo‘q.
Oq qog‘ozim, senga Erkin
Ochdi pinhon ishqini,
Sen bor-u men bor, qalam bor
o‘rtada begona yo‘q.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish