Sevgi kelsa
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
SEVGI KELSA
Sevgi kelsa qaddi yo ham yosh bo‘lur,
Sevgisiz jonona haykaltosh bo‘lur.
Mehri yo‘q dildorni quchma, toshni quch,
Tosh senga malham bo‘lur, sirdosh bo‘lur.
Sevgi faslida tikandan gul unar,
Sevgi ko‘yida shamol farrosh bo‘lur.
Ko‘ngli yotlar bazmi jamshidi - azob,
Yor bilan bo‘l qum yesang ham osh bo‘lur.
Chin muhabbat ming jafoga dosh berar,
Lek xiyonatga u bebardosh bo‘lur.
Bevafolikni yashirsang, yer kо‘mar,
Lekin osmonlarda bir kun fosh bo‘lur.
G‘urbat ichra botdi mag‘ribga quyosh,
Ufq emas gulrang, bu qonli yosh bo‘lur.
Ishq yo‘lin firdavs yo‘li deb anglagil,
Pok diling, Erkin, bu yo‘lda bosh bo‘lur.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish