Menda bor ishq ichra g‘am
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
MENDA BOR ISHQ ICHRA G‘AM...
Menda bor ishq ichra g‘am,
Hajr ichra dard ul oyda yo‘q,
Dardni dard bilmas kishiga
So‘zlamoqdan foyda yo‘q.
Ko‘z yoshim ko‘rganda soy ham
Sharqirab kulsa ne tong,
Bor mening ko‘ksim aro
Toshqinki, hech bir soyda yo‘q.
Dard bilan qormish ilohim
Loyimiz taqdir azal,
O‘zga dardin anglamoq lek
Biz qorilgan loyda yo‘q.
Olam ahli ichra dildosh
Izlama, kezma jahon, .
Zarga zor har yerda bordir,
Zorga zor hech joyda yo‘q.
Mayli, zar sizlarga bo‘lsin,
Menga zor ishq ichra bas,
Bu xazinam ahli dunyo
Ichra hech bir boyda yo‘q.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish