O‘zbegim

1960-1990-yillar Qasida O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

O‘ZBEGIM Qasida Tarixingdir ming asrlar Ichra pinhon, o‘zbegim, Senga tengdosh Pomir-u Oqsoch Tiyonshon, o‘zbegim. So‘ylasin Afrosiyob-u So‘ylasin o‘rxun xati, Ko‘hna tarix shodasida Bitta marjon, o‘zbegim. Al-Beruniy, Al-Xorazmiy, Al-Farob avlodidan, Asli nasli balki o‘zluq, Balki Tarxon, o‘zbegim. O‘tdilar sho‘rlik boshingdan O‘ynatib shamshirlarin Necha qoon, necha sulton, Necha ming xon, o‘zbegim. Tog‘laring tegrangda go‘yo Bo‘g‘ma ajdar bo‘ldi-yu, Ikki daryo - ikki chashming, Chashmi giryon, o‘zbegim. Qaysari Rum nayzasidan Bag‘rida dog‘ uzra dog‘, Chingiz-u Botu tig‘iga Ko‘ksi qalqon, o‘zbegim. Yog‘di to‘rt yondin asrlar Boshingda tiyri kamon, Umri qurbon, mulki toroj, Yurti vayron, o‘zbegim. Davr zulmiga va lekin Bir umr bosh egmading, Sen - Muqanna, sarbador - sen, Erksevar qon, o‘zbegim. Sen na zardusht, sen na buddiy, Senga na otash, na sanam, Odamiylik dini birla Toza imon, o‘zbegim. Ma’rifatning shulasiga Talpinib zulmat aro, Ko‘zlaringda oqdi tunlar Kavkabiston, o‘zbegim. Tuzdi-yu Mirzo Ulug‘bek Ko‘ragoniy jadvalin, Sirli osmon toqiga ilk Qo‘ydi narvon, o‘zbegim. Mir Alisher na’rasiga Aks sado berdi jahon, She’riyat mulkida bo‘ldi Shoh-u sulton, o‘zbegim. Ilm-u she’rda shoh-u sulton, Lek taqdiriga qul, O‘z elida chekdi g‘urbat, Zor-u nolon, o‘zbegim. Mirzo Bobur - sen, fig‘oning Soldi olam uzra o‘t, Shoh Mashrab qoni senda Urdi tug‘yon, o‘zbegim. She’riyatning gulshanida Soldi mahzun Nodira, Siym tanni yuvdi ko‘z yosh, Ko‘mdi armon, o‘zbegim. Yig‘ladi furqatda Furqat Ham muqimlikda Muqiym, Nolishingdan Hind-u Afg‘on Qildi afg‘on, o‘zbegim. Tarixing bitmakka, xalqim, Mingta Firdavsiy kerak, Chunki bir bor chekkan ohing Mingta doston, o‘zbegim. Ortda qoldi ko‘hna tarix, Ortda qoldi dard, sitam, Ketdi vahming, bitdi zahming, Topdi darmon, o‘zbegim. Bo‘ldi osmoning charog‘on Tole xurshidi bilan, Bo‘ldi asriy tiyra shoming Shula afshon, o‘zbegim. Men Vatanni bog‘ deb aytsam, Sensan unda bitta gul, Men Vatanni ko‘z deb aytsam, Bitta mujgon, o‘zbegim. Faxr etarman, ona xalqim, Ko‘kragimni tog‘ qilib, Ko‘kragida tog‘ ko‘targan Tanti dehqon, o‘zbegim.; O‘zbegim, deb keng jahonga Ne uchun madh etmayin! O‘zligim bilmoqqa davrim Berdi imkon, o‘zbegim. Men buyuk yurt o‘g‘lidurman Men bashar farzandiman, Lek avval senga bo‘lsam Sodiq o‘glon, o‘zbegim. Menga Pushkin bir jahon-u Menga Bayron bir jahon, Lek Navoiydek bobom bor, Ko‘ksi osmon, o‘zbegim. Qayga bormay boshda do‘ppim G‘oz yurarman, gerdayib, Olam uzra nomi ketgan O‘zbekiston, o‘zbegim. Bu qasidam senga, xalqim, Oq sut-u tuz hurmati, Erkin o‘glingman, qabul et, O‘zbegim, jon o‘zbegim.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.