Gulnorini o‘p

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

GULNORINI O‘P... Uyquda topsang nigoring, Asta gulnorini o‘p. Ochmasa chashmin, yumuq ul Chashmi xummorini o‘p. Sen-ku uyg‘og‘og‘ida vosil Bo‘lmagaysan la'liga, Uyg‘onib achchiq so‘z aytmay, La'li shahdborini o‘p. Ro‘zgoring qora qilmay Zulfini ko‘ksingga bos, Ko‘ksingga botmasdan avval Kiprigi xorini о‘p. Vasl uyi mangu emasdir, Ishq dami boqiy emas, Qomating yo bo‘lmasidan Qoshi zangborini o‘p. Taqdir umringning xatiga Nuqta qo‘ymasdan burun Xatti birlan labga posbon Xoli raxdorini o‘p. Yorning uyqusi g‘animat, Sen bu tun bedor bo‘l, Bir-bir aytmayman, dilingga - Xush nadir, borini о'p. Uyg‘onib so‘ng, mayli, Erkin, Dorga ossin yor seni, Ko‘zga surt sirtmog‘ini-yu, Tiz cho‘kib dorini o‘p.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.