Onamdan maktub

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

SERGEY YESENIN ONAMDAN MAKTUB (Erkin Vohidov tarjimasi) Endi ne ham о‘ylab Topadir xayol, Javobni o‘ylayman Chakkamni tutib. Stolim ustida Yotar xafahol Onaginam menga Yo‘llagan maktub. «Ko‘zimiz to‘rt bo‘ldi, Bolam, kelaqol. Yaxshiydi bayramga, Kelsang, har qalay. Otangga ishtonlik, Menga jun ro‘mol Olakel bizlarda Kamchilik talay. Menga sira yoqmas Shoirliging ham, Janjalkashlik bilan Topgan shuhrating. Undan ko‘ra omoch Haydasang, bolam, Obro‘ keltirardi Halol mehnating. Men ham qarib qoldim, Hech yo‘q darmonim. Oh, sen bo‘lsang eding Mening yonimda. Kelinlik bo‘lardim, So‘nggi armonim - Nabira suyardim Asrab jonimda. Sen bola-chaqalik Bo‘lmading, daydi. Yuragingni berding O‘zgaga oson. Oilang bo‘lsaydi, Do‘sting bo‘lsaydi, Senga mayxonalar Bo‘lmasdi makon. Jonim bolaginam, Ne bo‘ldi senga? Mo‘min-qobil eding Bir vaqt naqadar. El-yurt havas bilan Aytardi menga: Aleksandr Yesenin — Baxtiyor padar. Afsus, niyatimiz Bo‘lmadi hosil. Barbod bo‘ldi so‘nggi Umidimiz ham. Otang o‘ylar edi — She’r yozib qoyil, Bir dunyo pul topib Keladi bolam. Ammo sendan bir so‘m Kelmas, bolajon. О‘kinchlarimizning Bosh sababi shul. Xomtama bo‘libmiz, Holingdan ayon: To‘lamas ekanlar She’r yozganga mo‘l. Menga sira yoqmas Shoirliging ham, Janjalkashlik bilan Topgan shuhrating. Undan ko‘ra omoch Haydasang, bolam, Obro‘ keltirardi Halol mehnating. Endi bo‘lsa bizni Ezdi g‘am, alam. Ot yo‘q, Pul yo‘q, borib Olsak naqd so‘mga. Uyda bo‘lsang eding, U zehning bilan Rais bo‘lar eding Volijroqo‘mga. Boshqacha bo‘lardi Bizning tiriklik, Sarson yurmas eding Sen ham yiroqda. Xotining yonimda Urchuq yigirib, Sen birga qararding Qarigan chog‘da...» Xatni g‘ijimlayman, So‘z aytmoq qiyin, Oh, bormi girdobdan Chiqmoqqa imkon. Yurak so‘zlarimni Aytaman keyin, Javob maktubimda Qilaman bayon. JAVOB Aziz onaginam, Bo‘lgin salomat. Mehr-u shafqatingni Sezib turibman. Sen zarra tasavvur Qilmassan faqat, Nima deb dunyoda Yashab yuribman. Hozir siz yoqda qish, Ayoz kechalar. Deraza oldida Surarsan xayol, Osmonni to‘ldirib Yog‘ilar ukpar, Kimdir oq sirenni Silkitgan misol. Onam! Shunday tunda Bo‘lurmi uxlab, Tarnov uzra shamol Chiyillar betin. Yotmoqchi bo‘lursan, Ko‘zingga xona Tobutdek ko‘rinib Seskanar eting. Izg‘irin yig‘ichi Xotinga o‘xshar. Mingta dyak bo‘lib Cho‘zar badkirdor. Qor yerga sochadir Oppoq tangalar... Tobut ortida bor Na do‘st va na yor... Menga hammasidan Ma’qul navbahor, Ko‘nglimga munosib Toshqin shiddati. Bunday payt xar bir cho‘p Bir kemacha bor. Dala - cheksiz ummon, Yo‘q nihoyati. Barcha ko‘klamlardan Men sevgan ko‘klam - Bashar dilidagi Buyuk inqilob. O‘shanga intilib Chekarman alam, O‘shani sevaman, Chorlayman shitob. Lekin bor muzlagan Yer sayyorasiT Shundan men nolalik She’r ovorasi, Shundan men serjanjal Va oshuftahol. Onajonim, Kelar bizga ham fursat, Keladir intizor Kutganimiz dam. Biz axir turibmiz Jangga bo‘lib taxt, Kim zambarak tutib, Kim tutib qalam. Qo‘y, puldan gapirma, Mol-mulk na kerak. Bu so‘zlarni yozgan Senmisan, yo Rab: Nima, men molmidim Va yoki eshak, Qoziqdan yechmasa Yotguvchi qarab. Men o‘zim boraman, Vaqt kelar bir kun, Muzlagan kurraga To‘p otilar chog‘ - Boraman jun ro‘mol Olib sen uchun, Cholga paytavalik... Bo‘lgin faqat sog‘... Hozircha izg‘irin So‘fidek cho‘zar, Yig‘ichiga o‘xshab Uvlar badkirdor. Qor yerga sochadir Oppoq tangalar, Tobut ortida bor Na do‘st va na yor. * * * Tongda meni uyg‘ot ertaroq, Mehribonim, mushfiq onajon! Men yo‘llarga ko‘z tutay mushtoq, Bizning uyga kelmoqda mehmon. O‘rmon ichra bugun, onajon, G‘ildirakning izlarin kо‘rdim. Yellar uni aylab zar kamon, Tortqilagan kezlarin ko‘rdim. Erta tongda mehmon keladi Oy shapkasin boshga qo‘yib dol. Uchqur oti ravon yeladi, Kokillari tovlanadi ol. Meni sahar uyg‘ot, onajon, Chiroqlarni yoqib qo‘y hozir. Deydilarki, bo‘lmog‘im ayon Rossiyada shuhratli shoir. She’r aytaman mehmonga ul dam, Senga, onam, o‘sgan yerimga. Sahar turib soqqan suting ham Quyiladi mening she’rimga. * * * Tong otadi beozor va jim, Tuman ichra bo‘zarar osmon. Bugun yana seni esladim, Mehribonim, munis onajon! Avvalgidek yana, hoynahoy, Tepalikka chiqarsan har tun. Suv ustida halqib turgan oy Tasviriga boqarsan mahzun. Qaraysan-u o‘yga cho‘marsan, O‘rtaguvchi dard ko‘ksing aro, Xayolingda o‘g‘ling bemaskan, Vatanini о‘ylamas aslo. Qabristonga borasan asta, Toshga boqib ko‘rasan kimni? Xo‘rsinasan mayin va xasta, O‘ylab aka-singillarimni. Garchi o‘sdik bezori, chapan, Qizlar esa may gulisimon. Lekin xira ko‘zlaring bilan Buncha g‘amgin boqma, onajon! Yetar kulfat, yetar g‘am, alam, Tushun hayot aldoqlarini. Ma’yus qolur hatto daraxt ham Yo‘qotganda yaproqlarini. Noyoblik bor quvonchda, baxtda, Visoldan ko‘p hayotda firoq. Chirigandan ko‘ra daraxtda Shamollarda yongan yaxshiroq. * * * Bas! Bo‘lar ish bo‘ldi, kerakmas, Qaytmas bo‘ldim endi yurtimga. Yaproqlari qanot teraklar Soya solmas endi ustimga. Pastak kulbam bunchalar mensiz, O‘lib bo‘lgan qari itim ham. Maskovning bir burchida, esiz, Zavol topmoq chog‘i nasibam, Bu shaharga bo‘ldim men shaydo, Garchi ko‘hnа, ko‘rimsiz makon. Mudrab yotgan oltin Osiyo Gumbazlarda bo‘lur namoyon Tunda esa oy nur sochgan dam. Go‘yo... biimam, nima singari... Bosh eggancha tashlayman qadam O‘sha tanish mayxona sari. Meni kutar bu dahshat maskan Bunda tunni ulab saharga, May ichaman o‘g‘rilar bilan, She’r o‘qiyman fohishalarga. Kayf tumani chulg‘aganda men Faryod bilan ochaman ko‘nglim «Men ham sizdek gumroh bandaman, Mening ham yo‘q, qaytarga yo‘lim». Pastak kulbam bukchayar mensiz, O‘lib bo‘lgan qari itim ham. Maskovning bir burchida, esiz, Zavol topmoq chog‘i nasibam.. .
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.