Sen va siz
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
A.S.PUSHKIN she’ri
(Erkin Vohidov tarjimasi)
SEN VA SIZ
Havoyi Siz o‘rniga yanglish
Qiz nogahon Sen deya aytdi.
Shu dilbar so‘z ko‘nglimda yonish,
O‘ylarimda orzu uyg‘otdi.
Termulaman so‘z derga ojiz,
Sehri tamom rom etgan meni?
Sirtda deyman: qanday yakshisiz
Qalbda esa: sevaman Seni
HOFIZDAN
Jang shavqini dilda uyg‘otma
Yonma, yigit, zafar, shoh bilan.
Qonli harbga o‘zingni otma
Karabaxlik olomon-bilan?
Balki seni о‘ldirmas qotil
Maydon aro, qilichlar aro.
Barnoliging ko‘rgan Azroil
Yubormagay bemahal qazo.
Bir narsadan qo‘rqaman faqat:
Oshno bo‘lib jangda beboklik,
Senda qolmas dilbar nazokat,
Bu mayinlik, go‘zallik, poklik.
EPIGRAMMA
Ta’na bilan jonimga tegding,
Javob senga muxtasar, oshnam.
Ha, men ishchan emasman, lekin
Sen omilsan yalqovlikda ham.
EPIGRAMMA
Illatlari haddan ziyoda,
Nopok yashab keldi bu odam.
Gunohlarin yoysa dunyoda
Joy qolmagay qo‘ymoqqa qadam.
Insof kirdi unga nihoyat,
Asta-sekin yo‘l topdi to‘g‘ri.
Mana endi durust, xayriyat,
Nomi bo‘ldi qartaboz o‘g‘ri.
* * *
Kar karni kar qozining hukmiga to‘g‘riladi,
Kar dedi: Bu kar mening molimni o‘g‘irladi.
Kar karga javob berdi: Bekor aytibsan, ey kar,
Sen aytgan u qo‘riqqa yetti pushtim don ekar.
Kar qozi hukm qildi, pok ish bo‘lsin, bir yo‘l bor,
Yigitni uylantiring, qiz bo‘lsa ham gunohkor.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish