Desam, g‘olib, yerim-pok xoki Turon

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

MIRZO G‘OLIB she'ri (Erkin Vohidov tarjimasi) * * * Desam, G‘olib, yerim - pok xoki Turon, Asil zotim bilan bag‘rim farahmand. O‘zim turkzoda-yu naslim-da turkzod, Buyuklar qavmi birla asli payvand, Urug‘ bo‘lmish menga oybeklar aslan, Kamolan oyga nisbat, balki o‘nchand. Otam kasbin desam dehqonchilikdir, Bobom bo‘lmish zamindori Samarqand. O‘zim haq fayziga shogird erurman, Erurman fozil insonlarga farzand. Yonishda hamnafasman barq ila men, Saxovatda bulutlar birla monand. G‘am-u anduhki bor, shodman alardin, Farah, baxt yo‘qki anga dog‘i xursand Hama xeshlarki o‘tmishj yig‘lagaymen, Tiriklikda kularman bo‘yla xushxand. * * * Qoshi yosi qatlima tadbirdir, Ne ajab, uy toqida shamshirdir. Sevgida bemorligimni so‘rmagil, Ul Iso ko‘zgusida tasvirdir. Men junun dashtida sargardon esam, G‘am dilimning poyida zanjirdir. Bu ko‘ngil vayronadir, favvora - ko‘z, Sel siniq bu uyga ne ta’mirdir. Vah, qalamning yoqasin yirtdi Asad, Chok dil inshosi bu tahrirdir. * * * Muhabbat tuxmin ekdim jonima, anduh samar bo‘ldi, Umidim shuki, qosid, yorga holimdan xabar bo‘ldi. Yog‘ib charxi falakdan bu jafokash boshima toshlar, Urushdi toshga tosh-u misli guldasta sharar bo‘ldi. Ko‘ngil dardi ko‘rinsa ko‘zguda yuz rang bilan, denglar Xazon-u sog‘ar-u dil qoni-yu zahmi jigar bo‘ldi. Nigohim bo‘ldi ovora seni izlab va lek oxir Qorong‘i bo‘ldi olam senga, dil sohibnazar bo‘ldi. Junun aqlini zohid ayb etar bo‘lsa ajab yo‘qdir, Junun zanjiri zuhdning eshigiga bandi dar bo‘ldi. Asad, gar g‘uncha gulning shafqatiga borgoh bo‘lsa, Diling Bedil yoliga gul sochib, satring guhar bo‘ldi. * * * Parivash chehrasiga bersa oro, Qilar hayrat bilan ko‘zgu tamosha. Ketar jonim olib karvonda yorim, G‘uborin ko‘zlarimga ayladim jo. Meni uyquga eltdi dardi hijron, Xayoli kiprigimda bo‘ldi paydo. Kular gul yig‘laganda bulbuli zor, Men u gul xandasidan xor-u rasvo. Firoq o‘qin pari ko‘ksimga otdi, Ajab, g‘am tog‘i uzra undi ra’no. Fano dashtin tutar maskan murodim, Anga parvo yo‘q-u menga tasallo. Asad, ojizligingni angladingmi, Nechun bilding o‘zingni buncha dono? * * * Egam, ismingni aytmoq jur’atin bergil zabonimga, Ko‘ngil - xomush sadaf, dur jilvasin bergil bayonimga. Tarahhum ayla mendek bedil-u mahzunga, lutf etgil, Charog‘i subh ber shomimga, gul faslin xazonimga. Qilib nazzora jonimni olursan, ey pari paykar, Qo‘yarsan dast-u poyingga hino oluda qonimga. Ko‘rib ko‘zguda ruhing aksini u chashmi mashshota Bo‘libdir xunfishon, bersin to‘zim bu xasta jonimga. Qilarkan tunda bulbul nola, tong uyqudan uyg‘ongay, Umidim tongi uyg‘onmas nechun betin fig‘onimga. Kamina taqrib-u sidqin sinab ko‘rmoqqa rahm aylab, Yubording ming tuman ranj-u mashaqqat imtihonimga. Jamolingdan saboh ravshan, guliston bo‘yla zevardir, Asadga tor qafas qurding, nazar sol bu makonimga.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.