Bo‘lubdir g‘amga oshyon maskani dil
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
BEDIL g‘azali
(Erkin Vohidov tarjimasi)
Bo‘lubdir g‘amga oshyon maskani dil,
Shu bois g‘am kelur, so‘rsam: qani, dil?
Ko‘zim Maqsudi vasling-u, qani ko‘z,
Dilim yodi g‘aming, ammo qani dil?
Adashgan korivonga qo‘ng‘iroqman,
Na kuylar kuylamasdan nolani dil?
Kishi yo‘qdir kishiga zor-u muhtoj,
Vale dil tutganidir domani dil.
Qadam qo‘yganda xoki turbatimga
Bo‘l ogohkim, oyog‘ing bosgani dil.
Agarchi suvratim Bedildir, ammo
Qilur boshdin-oyoq ashkim mani dil.
* * *
Zahm o‘ldi yana, chashmi purob o‘ldi bizim dil,
Jom ichra to‘la qonli sharob oldi bizim dil.
Gulbog‘-u chaman faslida tosh o‘lsa u ko‘ngil,
Dasht uzra g‘ubor o‘lsa-da, ob o‘ldi bizim dil.
Vasl anjumani ichra hayo jom bo‘libdir,
Ob o‘lsa agar bodayi nob o‘ldi bizim dil.
Ne hosil, ayo nola, bul otash nafasingdan,
Qon bo‘l, seni deb bo‘yla kabob o‘ldi bizim dil.
Bir chashma-ku to‘foni xayol ichra bu olam,
Bedil, na iloj, emdi sarob o‘ldi bizim dil.
* * *
Parishon xotirim deb g‘am yaralmish,
Yana chashmim tufayli nam yaralmish.
Qilur mavj gavhar-u oina javhar,
Ajab, beorzu dil kam yaralmish.
Atarlar g‘uncha poymolini gul deb,
Ne hol, shodlik aro motam yaralmish.
Sabo to‘zg‘itgudek bir kaft tuproq
Qo‘shilgach qon ila, odam yaralmish.
Qoshimga kelsa gar farmoni taslim,
Egilgum, qoshim asli xam yaralmish.
Agar xeshlik uchun paydo bu olam,
Mening ko‘nglimga ko‘nglim ham yaralmish
Diling dardiga yo‘qdir chora, Bedil,
Bo‘lib sohibmuhr Hotam yaralmish.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish