Yorim qo‘liga qadahki olg‘ay

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

HOFIZ SHEROZIY (Erkin Vohidov tarjimasi) Yorim qo‘liga qadahki olgay, Bozori sanam kasodga qolgay. Har kimki, ko‘zini ko‘rsa deydi: «Bu mast, qani muxtasib, tutolgay». Ashk bahri aro baliq bo‘libman, Qarmog‘ini yor-chun suvga solgay. Zor ila ayog‘iga yiqildim, Umid etamen, qo‘limdan olgay, Hofiz kabi xurram ul kishikim, Jomi azalini no‘sh etolgay. *** Kecha doston bo‘ldi oshiq davrada, gisularing, To yarim tun bahsga bois bo‘ldi anbar mo‘laring. Kipriging novaklaridin qonga aylandi ko‘ngil, Vah, yana qo‘msar, ajabkim, ul kamon abro‘laring. Avfilillohkim,_sabo keltirmasa sendan xabar, Hech nasib bo‘lmasdi ko‘rmak bizga kо‘cha-ko‘ylaring. Bexabar erdi jahon avvalda ishq oshubidin, Qoldi g‘avg‘oga u ko‘rgach g‘amzayi jodularing. Men ham avvallar edim dardi junundin bexabar, Qo‘ydi domin yo‘llarimga kokili hindularing. Tugmalarni yechgil-u dil mushkulin ayla kushod, Kim, yechilmog‘imga bois dilkusho kulgularing. Kel vafo aylab, qadam qo‘y Hofizingning xokiga, Kim bu olamdan olib ketmish meni orzularing.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.