Sof havoning foydasi
1960-1990-yillar
She’r(hajviya)
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
SOF HAVONING FOYDASI
Qirq yil hayot qurdik
Xotinjon bilan.
Qirq yil bir-birovga
Yondosh, mehribon.
Uni «jonim» desam
Hayajon bilan.
U meni ataydi
Hanuz «akajon».
Oltmish besh yoshimda
«Akajon» desa -
Ne ajab, men hamon
Yoshlikka oshno.
Yoshlikning bir siri
Ahillik esa,
Ikkinchisi - sayr,
Musaffo havo.
Faqat o‘zimizga
Ayon sirimiz,
Kelishib olganmiz
Go‘shangadayoq -
Jahldan junbishga
Kelsak birimiz,
Havoga chiqamiz
Boshqamiz shu choq.
Tanga davo ekan
Sof havo, bilsam,
Necha qor, yomg‘irda
Ividim, qotdim.
Xotin bilan qirq yil
Yashagan bo‘lsam,
Qirq yil sof havoda
Kechdi hayotim.
Shundoq umr ko‘rdik
Xotinjon bilan,
U meni asradi
Sog‘lom, navqiron.
Uni «jonim» desam
Hayajon bilan,
U meni ataydi
Hanuz «akajon».
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish