Diagnoz

1960-1990-yillar She’r(hajviya) O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

DIAGNOZ (Qishloq doktorining aytganlari) Hamma bilar: Tibbiy ilmda Ovro‘podan ancha yiroqmiz. Hamma balo, mening nazdimda, Diagnoz qo‘yishga no‘noqmiz. Deylik, Bemor boshida og‘riq, Bu - charchoqdan. Kim der: dam olgin. Yuboramiz, tekshirmay ortiq, Dumbasidan to‘rtta analgin. Kasal kо‘rib, Aytamiz - buyrak! Naq Luqmonning o‘zi singari. O‘ligini so‘ng yorib ko‘rsak, Ilma-teshik chiqar jigari. E, jigarning ishi ko‘p nozik, Qishloqda yo‘q, asli, sog‘ odam. Deylik, To‘g‘ri diagnoz qo‘ydik, Tepki yeymiz raykom tog‘adan. «Siyosiy ong qani, - deydi u, Dehqon - sog‘lom! Dehqon - chavandoz! Dalada yo‘q zaharlik doru, Diagnozi shamollash, deb yoz! Sariq kasal ko‘pmi? Kamaytir, Chorani men aytmay o‘zing top. Men emas, sen doktorsan, axir, O‘qish kerak gazet va kitob». Ne yozilgan anov shiorda? «Paxtazor - bu janggoh», bo‘lsin yod! Janggoh bo‘lgach, qurbon ham bor-da Bor zotiljam, zaharlanish, bod... Shundoq. Bizlar tibbiy ilmda, Ovro‘podan ancha yiroqmiz. Hamma balo, mening nazdimda, Diagnoz qo‘yishga no‘noqmiz. Holimiz shu, Ne uzrimiz bor? Bizning xato zavol degan so‘z. Aslida-ku jamiyat bemor, Kimlar qo‘yar unga diagnoz? Uni davo qilguvchi kimlar? Ne savdolar bordir boshida - Biz singari noshud hakimlar, Zo‘r tag‘olar tursa qoshida. Kelajakning jarrohi bir kun Aytinasin-da, o‘tib zamonlar: - Bu yurt dardi boshqa edi-ku, Hayf sizlarga, johil luqmonlar!
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.