Bir yolg‘ondan qirq yolg‘on

1960-1990-yillar She’r(hajviya) O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

BIR YOLG‘ONDAN QIRQ YOLG‘ON Kaminayi kamtarin - Falonchiyev Falonchi. Men bir o‘zim rostgo‘yman, Qolgan hamma - yolg‘onchi. Yoshimni so‘rasangiz, Yuz oylik chaqaloqman. Qotmadan kelgan daroz, Pakana baqaloqman. Xush ko‘rganim muzqaymoq, Hammomga tushib yeyman, Ustiga murch sepib, Sho‘r bodring qo‘shib yeyman. Dimlab yesang soz uzum, Xom yemakka sholg‘omdir. Teskarisin aytsalar, Ishonmanglar, уolg‘ondir. Yana bir suyganim - ov, Amakim bilan birga Har yakshanba chiqamiz Baliq oviga qirga. Qo‘shtig‘li miltiq bilan Sazanlarni otamiz. Tunab qolsak, laylakning Uyasida yotamiz. Derlar: o‘glon yoshidan, Menga haqiqat doya... Umrimni bir boshidan Qilay sizga hikoya. Kelishim bo‘lganda shart Men kamina olamga Onamning vaqti bo‘lmay Yalinibdi xolamga. Xolam buvimga aytib, Buvim yangamga aytib, Yangam ammamga aytib, Ammam hammaga aytib. Hammaning vaqti bo‘lmay, O‘rtada chiqib janjal, Omadim kelmasa sal Qolar edim tug‘ilmay. Otam sho‘rlik ayrilib Cho‘ntakdagi boridan, Meni sotib olibdi Chorshanba bozoridan. Xola, holingiz qalay? Alam qilsin, ammavoy! Tug‘masangiz, tug‘ilmay Qolarmidi Jumavoy? Bilib qo‘ysin el-u yurt, Men dunyoga kelgan kun O‘ttiz birinchi fevral, Soat ikki kechqurun. Beshikda yotganimda . Bir voqea yuz bergan, Aytib beray, Jumavoy Rost aytishga so‘z bergan. So‘rg‘ichim so‘rib yotsam, Eshikni ochib to‘g‘ri Men yotgan uyga kirdi Qora barzangi o‘g‘ri. Taxlangan ko‘rpalarni Bir-bir olib tashladi. Bisot sandiqni ochib, Shoshmay tita boshladi. Sho‘rlikning xabari yo‘q Qarab turgan kishidan. Men kuzatib turibman Govrapesh tirqishidan. Qulay fursat kelishin Mo‘ljallayman uzoqdan. Asta-sekin qo‘limni Bo‘shataman qo‘lbog‘dan. Sandiqni titib bo‘lib Kelgach beshik qoshiga. Sumak bilan tushirdim O‘g‘rining qoq boshiga. Barzangi gurs yiqildi, So‘ng turib qochib qoldi. Shoshganidan eshik ham, Sandiq ham ochiq qoldi. - Ey, nomard, - deb qichqirdim, - Qochsang urib shataloq, Eshikni yopib ket-da, Shamollaydi chaqaloq... Bu birinchi hikoyam, Qurboningiz bo‘layin. Sizni bir bor aldasam, Til tortmasdan o‘layin. So‘zga bering e’tibor, «Bir bor» dedim, «ming bor»mas. Meni aqli butunlar Yolg‘onchiga chiqarmas. Ichim to‘la hikoya, Qirqtasini aytaman. Dam olinglar, hozircha So‘zimni to‘xtataman.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.