Shum bola
1960-1990-yillar
She’r(hajviya)
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
SHUM BOLA
Shundoq dedi, qulluq qilib,
Gapni qo‘yib joyiga
Yangi zamon Shum bolasi
Yangi zamon Boyiga:
«Qoshingizga yana keldim,
Quloq soling, Boy ota,
Sidqi dildan xizmat qilay,
Ishga oling, Boy ota.
Fazilatim ko‘pdir, yana
Aybimni ham aytganman.,
Lekin endi yangi zamon,
Men yolg‘ondan qaytganman.
Chunki endi yolg‘onni hech
Aybgina deb bo‘lmaydi.
Aldaganni balo urmas,
Aldangan ham o‘lmaydi
Shart emas Shum bola bo‘lish,
Yolg‘on bukun osondir.
Gazet to‘la, kitob to‘la,
Majlis to‘la yolg‘ondir.
Bitta yig‘in - Kotibiyat,
Bitta yig‘n - Rayosat.
Yolg‘on endi davlat ishi,
Yolg‘on endi Siyosat.
Innaykeyin demay turing,
Quloq soling, Boy ota.
Sidqi dildan xizmat etay,
Ishga oling, Boy ota.
O‘n kishilik mehnat qilib,
Parcha nonga to‘yaman,
Bir aybim bor, faqat ba’zan...
Rost gapirib qo‘yaman».
Boy оtaning jahli chiqdi,
Dedi, ko‘nglim zormidi?
Yolg‘oningga chidab edim,
Rost gaping ham bormidi?
Yo‘qol, seni ishga olsam
Xonavayron bo‘laman.
Yolg‘oningdan omon qoldim,
Rost gapingdan o‘laman!
G‘azab bilan hassasini
Qo‘lga oldi Boy ota.
Yangi zamon Shum bolasin
Quvib soldi Boy ota.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish