Tandir haqida ertak
1960-1990-yillar
She’r(hajviya)
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
TANDIR HAQIDA ERTAK
Mo‘jaz hovli,
Pastgina devol,
Pastakkina tandiri bilan:
Yashar edi kichkina bir chol
Kichkina bir kampiri bilan.
Yashardilar kamtar va halol,
Osoyishta taqdiri bilan.
Pichoq charxlar ermak uchun chol,
Kampiri band xamiri bilan.
Nafaqa bor,
Chol-kampir mamnun
Daraxt ham bor - bir tup olucha.
Lekin shu tor hovlidan bir kun
O‘tar bo‘ldi kattakon ko‘cha.
Ular bu gap tarqagan kundan
Mung‘ayishib so‘lib qoldilar.
Bamisoli ini buzilgan
Musichadek bo‘lib qoldilar.
O‘z boshidan kechirgan bilar,
O‘ylab kо‘ring, osonmas, axir,
Shu hovlida turgan edilar
Naq oltmish yil chol bilan kampir.
Ular bunda ko‘rdi go‘shanga,
Ikki o‘g‘il boqdilar o‘ktam.
Kuzatdilar ikkovin jangga,
Qaytgani yo‘q, ammo biri ham.
Mana,
Uy ham buzilar endi,
Tan berdilar yana taqdirga.
Faqat ular o‘rgangan edi
Parcha yerga, pastak tandirga.
Boshqarmaga qatnamadi chol,
«Raysovet»ga yurmadi kampir.
Peshonada borini alhol
Yurt qatori ko‘rarmiz, axir.
Ne qilardik,
Ko‘pga kelgan to‘y,
Nolish bizga yarashiq ishmas,
Tegar axir bizga ham bir uy,
Ko‘cha-ko‘yga haydab qo‘yishmas.
Shunday bo‘ldi,
Berdilar uy ham,
Ko‘chirdilar ko‘rsatib hurmat.
Biram yorug‘,
Ozoda, shinam,
Hammadan ham... birinchi qavat!
Kampir cholni chimchilab kulsa,
Xush keladi cholga qilig‘i.
Bir jo‘mrakdan sovuq suv kelsa,
Bir jo‘mrakdan kelar ilig‘i.
Oppoq vanna,
Gazxona... rohat,
Hatto po‘choq tashlashga paqir...
Hamma narsa joyida,
Faqat...
Faqat bunda yo‘q ekan tandir.
Busiz ular bir kun turolmas,
Tatimaydi bersa jahonni,
Chol qurmag‘ur og‘ziga olmas
Gaz o‘choqda pishirgan nonni.
Boshqarmaga arzga bordi chol,
Raysovetga qatnadi kampir.
«Qanday kechar tandirsiz ahvol,
Uy kerakmas bizga betandir».
Boshqarmada yelka qisdilar,
«Raysovet»da bo‘ldilar hayron.
«Jilkontor»da shartta kesdilar:
«Yo‘q, bo‘lmaydi tandirga imkon».
«Hech bir yerga qo‘ndirib bo‘lmas
Gap shu, - dedi JEKning rahbari.
Hamma ruxsat bersa ham, ko‘nmas
O‘t uchirish tashkilotlari.
Boshda hech kim qilmagan xayol,
Proyektga qo‘shmagan, axir...»
Sabablarni tushunmadi chol,
Dalillarga ko‘nmadi kampir.
Ikkovin ham tegdi tishiga
«Ammo», «Lekin», «На», «Albatta»lar.
Xullas kalom, tandir ishiga
Aralashdi oxir kattalar.
Boshqarmada dedilar mumkin,
JEKdagilar topdilar tadbir.
Baland uyning yonida bir kun
Chol-kampirga qurdilar tandir.
Qo‘shnilar ham qarab turmadi,
Kim g‘isht tergan,
Kimdir qorgan loy...
Tushmadi_ham_JEKning hurmati,
Topildi ham tandirga mos joy.
Tandir bitdi
Va o‘sha-o‘sha
Tong yorishar chog‘ida har kun
Osmon bo‘yi tomlardan osha
Ко‘kkа o‘rlar ingichka tutun.
O‘sha-o‘sha, bizga beshikdan
Tanish xush bo‘y taralar har yon.
Tongda har bir ochiq eshikdan
Rizqdek kirar bir juft issiq non.
Shunday yashar -
Sokin, bezavol
Pastakkina tandiri bilan
Katta uyda kichkina bir chol
Kichkina bir kampiri bilan.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish