Bo‘ri chaqirgan majlis

1960-1990-yillar She’r(hajviya) O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

BO‘RI CHAQIRGAN MAJLIS VA BEODOB ОТ HAQIDA LATIFA Bo‘rining qorni to‘ydi, Go‘sht ham tegdi joniga. Echki, quyon, ot, qo‘yni Chaqirdi u yoniga. Dedi: hozir to‘q paytim, Foydalanib qolinglar. Menga dashnomlar aytib, Tanqid qilib olinglar. Qani, boshla, quyonboy, Bir eshitay so‘zingni. Botirsan-ku, biyronboy, Ko‘rsatib qoy o‘zingni. O‘rtaga chiqdi quyon, Avaylab o‘z jonini. O‘tirar bo‘ri polvon Qashlagancha qornini. Quyon dedi:.«Ming rahmat, Menda hech shikoyat yo‘q. Sizdek oliy marhamat Sohibi inoyat yo‘q. Men qulingiz na derdim, Sizga fidodir jonim...» Bo‘ri xursand hayqirdi: - Barakalla, Quyonim. Buncha shirinsan, oqil, Chidash qiyin, ne deyman. Hozir to‘qman, tongda kel, Nahorga seni yeyman. Quyon ketdi bosh egib, Mung‘aygancha dilxasta. So‘ng qo‘yga navbat tegib Minbarga chiqdi asta. Dedi: «Hech vaqt hech bo‘ri Bizdan hol so‘rgan emas. Minbar berib, joy to‘rin Munosib ko‘rgan emas. Bu obro‘, bu hurmatdan Men terimga sig‘madim. Bunday zo‘r marhamatdan Ta’sirlanib yig‘ladim. Bizlar mo‘min, ma’qul el, Rahm et, o‘zga ne deyman». Bo‘ri dedi: «Indin kel, Seni tushlikka yeyman». Qo‘y ko‘z yosh to‘kdi ba’rab, Isyon qilmadi lekin. Ketarkan ma’yus qarab, «Rahmat» deb qo‘ydi sekin. U ketgach keldi navbat Uzunsoqol echkiga. Unga tegdi taklif xat Payshanba kun kechkiga. Nihoyat oxirgi gap Navbati otga yetdi, U bo‘rini mo‘ljallab Jag‘iga chunon tepdi. Olov sachrab kо‘zidan Bo‘rida jon qolmadi. Ketganicha o‘zidan Qaytib tura olmadi. Hamon unutmas otning Bu ishin va der har vaqt: - Mendek demokratning Padariga ming la’nat! Bema’ni majlisga men Ikki dunyo qaytmayman. Ot- beodob, ot o‘lsin, Ziyofatga aytmayman. Lekin unga tan berib, Ichida «qoyil» dedi. Quyon, echki va qo‘yni Aytgan vaqtida yedi.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.