Qumursqalar jangi
1960-1990-yillar
She’r(hajviya)
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
QUMURSQALAR JANGI
Bir tup olma uzra kecha
Juda katta jang bo‘ldi,
Boshlar ketdi necha-necha,
Necha oyoq lang bo‘ldi.
Hasharotlar urushgani
Dahshat ekan,
Qaradim.
Oxir bitta qumursqani
Ushlab olib so‘radim: ;
-So‘yla,
Nechun bu mojaro?
Nimadandir bu nifoq?
Qumursqalar ahli aro
Zo‘r edi-ku ittifoq?
Qumursqavoy dushmanidan
Uzib olgan oyoqni -
Tuflab,
Odam tili bilan
Tushuntirdi nifoqni.
«Asli bizlar
Bir tan, bir jon,
Bir uyadan chiqqanmiz.
Bir cho‘p topsak,
Ko‘rsak bir don,
Bir kavakka yiqqanmiz.
Shu paytgacha bir saf bo‘lib,
Ne ish qilsak teng qildik.
Bugun bir ish sabab bo‘lib,
Uch guruhga ayrildik.
Kecha bir gap topdi bizning
Tungi soqchi - tingchimiz.
Eshitdig-u hammamizning
Barbod bo‘ldi tinchimiz.
U tun bo‘yi bedor bo‘lib
Ko‘kka qarab yuribdi.
Unda sonsiz don sochilib
Yotganini ko‘ribdi.
Qumursqalar bugun tongda
Eshitib bu xabarni,
Yo‘lga chiqdik o‘sha onda
Kechiktirmay safarni.
Ahd qilganga yor deya baxt,
Tuproq oshdik,
Qum oshdik,
Nihoyat, shu katta daraxt
Tanasiga tirmashdik.
Maqsadimiz shu narvondan
Yetmoq edi osmonga...
Ammo bir yo‘l
Nogihondan
Bo‘lindi uch tomonga.
Bir saf yo‘lni o‘ngga burdi,
Boshqa yo‘lga boqmadi.
Bir saf esa chapga yurdi,
О‘ng ularga yoqmadi.
Men tanladim o‘rta shoxni,
Eng to‘g‘ri yo‘l menga shul.
Ergashtirib ming hamrohni,
Tik osmonga soldim yo‘l.
Alhol qanot qoqdi darg‘a,
G‘azab bilan bong urdi.
O‘ng-u so‘ldan ketganlarga,
Qayting, deya buyurdi.
So‘ng dedi:
«Biz qumursqalar
To‘g‘ri yo‘ldan yuramiz.
Kim shu yo‘ldan yurmasa gar,
Bitta qo‘ymay qiramiz.
Burg‘u chaldi bizning podshoh,
Jangga kirdik barobar.
Shundan daraxt bo‘ldi janggoh,
Mozor bo‘ldi sarosar».
Diqqatimni tortdi shu payt
Qanotli shoh qumursqa.
Uchib-qo‘nib, u paydar-pay
Chorlar edi urushga.
Qarab turdim bir nafas tek,
So‘zi qiziq ko‘rindi,
Yaqin borsam,
Temuchindek
Ko‘zi qisiq ko‘rindi.
Uzoq-yaqin tarixlarga
Meni xayol uchirdi.
Ko‘p dahshatni mitti darg‘a
Xotiramga tushirdi.
Chidolmadim.
Chertki solib
Yo‘qotdim bu badbaxtni.
So‘ng
Supurgi, ohak olib
Oqlab qo‘ydim daraxtni.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish