Ruhlar isyoni
1960-1990-yillar
Doston
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
RUHLAR ISYONI
Doston
MUQADDIMA
Tug‘ilgansan ozod, mudom
Ozod bo‘lib qol!
Nazrul Islom
Bu dunyoning
Quvonchi kam,
Dard-u g‘ami
ziyoda,
Ammo
g‘amdan qochmoqning ham
Tadbiri ko‘p dunyoda.
Kimning dildosh
Bor ulfati,
Dardin
unga to‘kadi.
Yolg‘izlarning bor kulfati
Dil tubiga
cho‘kadi.
Kim najotni
sokin tunning
Uyqusidan so‘raydi,
Kim g‘amini
Nikotinning -
Tutuniga o‘raydi.
Dil zaxmiga malham topar
Kim habib,
Kim tabibdan.
Kim qochmoqqa
aylar safar
G‘am atalgan
raqibdan.
Gar bularning
Yo‘q imkoni,
So‘nggi chora etmoq bor.
Kulfat to‘la
bu dunyoni
Shartta tashlab ketmoq bor.
Lek olamda
bir dard borki
Unga sira najot yo‘q.
Bu azobga
kim duchorki,
Unga kun yo‘q,
Hayot yo‘q.
Bu mashaqqat
Ichgan bilan
Dil tubiga
cho‘kmaydi,
Uni hech kim
yuragidan
Hech kimsaga
To‘kmaydi.
Xalos etmas
bitta arqon,
Nuqta qo‘ymas
Bitta o‘q.
Chidamoqqa
yo‘qdir imkon,
Qochmoqqa ham
Chora yo‘q.
U jon bilan
ketsa dildan,
Sukut qolsa
yurakda,
Odamzotning
Ruhi bilan
Yashayberar falakda.
Bu shoirning dilin ezgan
Istibdodning dardidir.
Yurakdan
qon bo‘lib sizgan -
Iste’dodning dardidir.
To‘lg‘og‘ida bu alamning
Tanho ingroq -
xonish bor.
Abadiyat
Jahannamning
Otashida yonish bor.
Abadiyat haqida rivoyat
Roviy aytar:
Allazamon -
Allaqaysi ma’voda
Falokatga uchrab karvon
Poyoni yo‘q sahroda,
Bu nogohon -
Tasodifdan
Barcha o‘tib dunyodan -
Shu tasodif amri
bilan
Omon qoldi
Bir odam.
Belbog‘iga osganicha
Quruq ko‘za -
suvdonni,
Kezdi necha
Kunduz-kecha
Bu dashti bepoyonni.
Keza-keza
oxir toldi,
Umid uzdi jonidan.
Bir payt
nogoh
chiqib qoldi -
Bir chashmaning yonidan.
Yiqilgancha suvga
behol
Lab cho‘zganda tashna tan,
To‘lqinlandi
birdan zilol,
Sado chiqdi chashmadan:
«Shoshma, yo‘lchi,
Ichursan, bas,
Muzdek,
tiniq,
to‘laman
Ammo bilki,
Oddiy suvmas,
Obihayot bo‘laman.
Azob chekding ko‘p
sahroda,
Mayli,
To‘yib ichib ol.
Meni ichgan bu dunyoda
Mangu yashar bezavol.
Ol, ich,
Yasha davron surib
Abadiy bu dahr aro,
Ammo
Meni ichmay turib
Fikr qilgin avvalo.
Hayotga-ku,
to‘ymas ko‘zing,
Yashaysanmi umrbod?
Mangu hayot uchun o‘zing
Yaraysanmi,
Odamzot?
Mangulik der
odam nasli,
Lek
insoniy tafakkur -
Abadiyat nadir asli
Qila olmas tasavvur.
Yo‘lchi hayron,
Yo‘lchi sergak,
Bu qandayin chashmadir?
Ichay desa -
cho‘chir yurak,
Ichmay desa -
tashnadir.
Uzoq-uzoq
O‘yga toldi,
Suv labida o‘ltirib,
Oxir
Obihayot oldi
Ko‘zasiga to‘ldirib.
Oylay-o‘ylay
Nari ketdi -
Ul sehrli buloqdan.
Nogoh
Xazin sas eshitdi -
Sado keldi yiroqdan.
Bordi,
E, voh,
yotar bir bosh
Qum ustida
benajot.
Nola chekar,
To‘kar ko‘z yosh,
«La’nat, -
deydi,
ey, hayot!
O‘sha suvdan ichdim nega
Afsus!» -
der-u
o‘kinar.
Yo‘lchiga u:
- Rahm et menga,
O‘ldir, -
deya o‘tinar.
Ming yil avval
Shu buloqdan -
Suv ichganman,
cho‘mganman.
Yashayverib,
Bu qiynoqdan
O‘zni qumga
ko‘mganman
Umr kо‘rdim
haddan bisyor,
Hech toqatim
qolmadi.
Yer yuzida
Mening biror -
Hamsuhbatim
qolmadi,
Azob bormi
Bundan ulug‘,
Dahshat bormi
ziyoda?!
Menga yerda
tiriklik yo‘q,
O‘lim ham yo‘q
dunyoda.
Yo‘lchi boqdi
Hayratda lol
Tirik inson qabriga.
So‘ngra
qumga cho‘kdi behol,
Rahmat aytdi sabriga.
O‘z holiga
ming shukr etdi,
Yig‘ib so‘nggi sabotni -
Qum ustiga
To‘kib ketdi
Yo‘lchi obihayotni.
Yo‘lchi ketdi
Bo‘lib xoli
Mangulikning g‘amidan.
Totib qoldi
Cho‘l niholi
Obihayot namidan,
Ildiziga uning alhol
Tomchi vetdi,
Shu faqat.
Yillar о‘tib
o‘sha nihol
Chinor bo‘ldi oqibat.
Shundan chinor
Uzoq yashar,
Shundan chayir tanlari.
Mangulikdan kechib bashar
Foniy umr tanladi.
Kel, ey ko‘nglim,
Bizning hayot
Emas ekan
jovidon,
Bu dunyoda
izla najot,
Yasha faqat
shodumon,
Bu hayotning
Yarmi rohat,
Yarmi g‘amdir,
shukr qil.
Uniring uzun bo‘lsa -
rahmat,
Agar kamdir,
Shukr qil.
Shu oftob-u
Ming bir ohang,
Ming bir rangli bu dunyo .
Senikidir,
Hayot esang,
Hayot esang avvalo.
Ham shavq bilan,
Ham dard bilan
O‘tar ekan bu damlar.
Omon bo‘lsin
Sen anglagan,
Seni anglar odamlar.
BIRINCHIFASL
Shoir qalbi
Tun bilan kun,
O‘t bilan suv
Bir-biriga zolimdir.
Koinotda
Azal,
Mangu
Isyon ruhi hokimdir.
Zamin uzra
qor quyunin
Yog‘dirganda
charx-falak,
Qish qahriga
egmay bo‘yin
Isyon qilar
Boychechak.
Qora bulut
zulumotga
Chulg‘aganda samoni,
Chaqmoq -
nursiz bu hayotga
Yorug‘likning isyoni.
Tug‘ilarkan,
dod der go‘dak,
Ko‘ksi to‘la fig‘ondir.
Jajji mushti
Naq g‘unchadak
Bu o‘limga isyondir
Qaro qilgan
Ко‘k daftarin
Qorong‘ulik qasdiga
Tong yig‘adi
nur lashkarin
Shafaq tug‘i ostiga.
Yer-u ummon,
Burjlar aro
Xohi oshkor,
xoh pinhon,
Ibtidodan
to intiho
Hukm surar g‘alayon.
Sobir inson yuragida
Qanoatki barqaror,
Kosa yanglig‘
Sabr tagida
Otash yanglig‘
Isyon bor.
Kuy,
g‘azali
odamzotning
Darddir,
ezgu armondir.
Yaralishdan,
Iste’dodning
Tabiati -
isyondir.
Shoir yurak -
Pok tilagi,
Imonidir basharning,
Armon to‘la
yurakdagi
Isyonidir basharning.
Nazrul Islom
Bu dunyoga
Shoir bo‘lib tug‘ildi.
Ilhom otli pok ziyoga
Go‘dak qalbi yo‘g‘rildi.
Nigohidan
Sehrli nur
Borliqqa nur taradi.
Koinotga
u tahayyur
Ko‘zi bilan qaradi.
Tunlar unga berdi xayol,
Shavq atadi
kunduzlar.
Gullar
g‘azal aytdi xushhol,
Ertak aytdi
Yulduzlar.
Ulg‘aydi u,
O‘smir bo‘ldi,
Yetdi yigit yoshiga,
Ishq otli qush
kelib qo‘ndi
Nazrulning ham boshiga.
U ham yondi bag‘ri kabob,
Ham ochildi
chun bahor.
Hijron berdi
totli azob,
Visol etdi
baxtiyor.
Goh shodlik,
Goh alamidan
Dil chashmasi ochildi,
Uning hassos qalamidan
Ishqiy baytlar sochildi.
Bu dunyoga Nazrul Islom
Shoir bo‘lib tug‘ildi.
Ibtidodan
yoniq ilhom
Shulasiga yo‘g‘rildi.
Yetti asr avvalgidek
Bo‘lsa edi zamonlar,
Balki
Xusrav Dehlaviydek
Bitar edi dostonlar.
Tug‘ilsaydi
Nazrul agar
Yarim ming yil ilgari,
Bitar edi
ruboiylar
Mirzo Bobur singari.
Agar
Necha zamon o‘tib
Kelmasa bu davronlar,
Bedilona g‘azal bitib
Tuzar edi
devonlar.
O‘zga edi
ammo fursat,
O‘zga edi el dardi.
Zamon
uning
yonib turgan
Yuragini so‘rardi.
Shoirn
u tug‘ilmasdan
Gado qilgan edilar,
O‘z yurtida
O‘z yurtidan
Judo qilgan edilar.
o‘rab uning
naq yurakdek
Ona Hindistonini
Zobitlar
oq o‘rgimchakdek
So‘rardilar qonini.
Bir tomonda,
Yovni emas,
Bir-birini beomon -
So‘уar edi
taqvodan mast
Hindu bilan musulmon.
Bir tomonda
Na uy ko‘rib,
Na bir to‘shak,
och,
xarob.
Ko‘chalarda hayot qurib
O‘lim topgan behisob.
Ganga oqar
ko‘z yosh bo‘lib,
Jamuna lim
bo‘lib qon.
Bori butun bardosh bo‘lib
Najot kutar Hindiston.
Har nechakim zo‘r iste’dod
Toshqin ilhom,
U nega,
Xalqing yotsa
chekib faryod,
Yaramasang kuniga.
Shoir esang,
Shoir bo‘lib
Nega kelding hayotga,
Eling yotsa
Dardga to‘lib,
Kelolmasang najotga.
Ne shoirsan
Tashbehlarning,
Bormi asli keragi,
Bo‘lmasa el g‘ami -
darding,
Yuraging -
el yuragi.
Nazrul Islom
Hind xalqining
Zardobini yutardi.
Nazrul Islom
O‘z qalbini
Bayroq qilib ko‘tardi.
Yuragida
to so‘nggi dam
Isyon o‘ti so‘nmadi.
Haqsizlikka ko‘ndi olam,
Ammo
shoir
ko‘nmadi.
Ko‘rgilik bu,
dedi hindu,
Taqdir,
dedi musulmon.
Lekin
Zo‘rlar zulmiga u
Tan bermadi hech qachon.
O‘zni o‘tga otdi aniq,
Joni borki,
kurashdi.
Umri uning
Mangu yoniq
Qo‘shiqlarga tutashdi.
Isyon qo‘shig‘i
«So‘yla, inson,
So‘yla qadding
Ko‘tarib baland.
Yuksaklikda sening qadring
Himolay monand.
So‘yla,
Sening poyingdadir
Bu ulug‘ zamin.
So‘yla, otib zolim asr
Dard-u alamin.
Sen o‘tmishni supurguvchi
Kuchli bo‘ronsan,
Osmonlarga ot surguvchi
Sohibqironsan.
Sen chaqmoqsan,
Qaro zulmat -
Bag‘rini yoqqan.
Sen Indra,
Ko‘kda ismat
Chirog‘in yoqqan.
Sen Shivasan, koinotni
Barbod qilguvchi.
Sen Gangasan, bu hayotni
Obod qilguvchi
Sen - Durganing tosh yuragi,
Shafqat bilmaysan.
Sen - Krishna qo‘lidagi
Kuylagan naysan.
Izmingdadir cheksiz fazo,
Zamin-u zamon.
Bu olamga ega tanho
O‘zingsan, inson!
Tangrilarni osmon qadar
Ko‘targan ham sen.
Sajda qilgan,
Yana isyon
Ko‘targan ham sen.
Ham shafqat,
Ham beozorlik
Yashar qoningda.
Ham fidoiy isyonkorlik
Yonarjoningda.
Soyia, inson,
Soyia, qadding ko‘tarib baland,
Yuksaklikda sening qadring
Himolay monand.
Qullik senga ko‘p maloldir,
Ammo ne uchun
Boshing egik,
Tiling loldir,
Qomating zabun?
Tangrilarga bo‘ysunmagan,
Bermagan bardosh,
Bandasiga bugun nega
Egadirsan bosh?
Sababkormi yolg‘iz taqdir
Holingga saning?
Bilasanmi do‘sting kimdir,
Kimdir dushmaning?
Asriy g‘aflat yetar endi,
Ey, mazlum inson!
Uyg‘onmoqning vaqti keldi,
Ko‘targil isyon!
Bosh ko‘targil,
Ming yil totkan
Ko‘z during haqi.
Qo‘zg‘al,
Asriy qullik bukkan
G‘ururing haqi.
Qo‘zg‘al,
Buyuk Tojmahalning
Shukuhi uchun.
Qo‘zg‘al,
Ulug‘ bobolarning
Pok ruhi uchun.
Erk bongin ur,
Sen intiqom -
Tablin baland chal.
Tug‘ilgansan ozod,
mudom
Ozod bo‘lib qol.
* * *
Nazrul she’ri
mushoira -
Minbaridan yangradi.
Kim dedi:
Bu she’rmas sira,
Kim
dilidan angladi.
Yurt og‘zida bu she’r bahsi,
El tilida bahosi,
«Qani she’rda gullar raqsi?
Qani bulbul navosi?»
«Bu she’r
Sharqqa xosdir nahot?
Na ishqiy,
na rindona...
Bunday ash’or Sa’diyga yot
Hofiz uchun begona».
«Qoida bor,
Buzmoq abas,
Isyon esa gunohdir.
Kim shariat yo‘lin tutmas,
El bilarki,
gumrohdir».
«Ul kun Budda:
Mard agar sen
Dardni ichga yut, degan.
Ul yuzingga ursalar, sen
Bul yuzingni tut, degan».
«U dunyoda baxting-ta’min,
Bu dunyoda cheksang g‘am,
Shunday deya bergan ta’lim
Ul...
allayhi vassallam»,
Malomatga qoldi endi
Shoir bitib haq doston.
Hindu,uni -
«jobon» dedi,
«Kofir» dedi
musulmon.
«Bu isyonni,
bu nifoqni
Chiqarmoq ne, zohirga.
Siyosat-la o‘ynashmoqni
Kim qo‘yibdi shoirga».
«U hali yosh
Hali go‘dak,
Zarra parvo etmaydi.
Es-hushi yo‘q hayiqgudek,
Jon qadriga yetmaydi».
«Ha, zulm bor,
Haqsizlik bor,
Barchaga bu ayondir,
Ammo buni zinhor-zinhor
Aytib bo‘lmas zamondir».
«Hamma bilar,
Inson erkin
Yashashi shart poyidor
Biz ham aytsak bo‘lar
lekin
Uyda bola-chaqa bor...»
Fidoyilik to‘g‘risida rivoyat
Qadim zamon,
Ayol dini
Fidoyilik,
deganlar.
Eri о‘lsa,
xotinini
Qo‘shib kо‘mar ekanlar.
Otib
necha avlod umri,
o‘tib
cheksiz ko‘p zamon,
Hech bir davr
Bu udumni
Qilolmadi qatag‘on.
Dahshat edi bu chinakam,
Bilar edi
odamlar.
Lek
odatga qarshi
ne ham
Qilar edi odamlar?
Ham ota,
Ham onayizor
Go‘rga kirib barobar,
Qola berdi
chirqirab zor
Bola-chaqa
Darbadar.
Asli
o‘sha zamonda ham
Donishmandlar bor edi.
Lekin
ular ichra
mard kam,
Ko‘p -
ehtiyotkor edi.
Bosh ko‘tarmas erlar,
Isyon -
Ayollar ham qilmasdi.
(Chunki ular eri qachon
О‘lishini bilmasdi.)
O‘tib ketdi
Ming yil fursat,
Qarshi qudrat yo‘qedi.
Kimda shafqat,
Kimda himmat,
Kimda jur’at
yo‘q edi.
Bir kun.
Jangga keta turib
Bosh ko‘tardi
bir o‘glon.
“Ot boshini shartta burib
Yeldi tikka
Shoh tomon.
Dedi:
«Ey, shoh!
Oldimda bor
Yo hayot-u, yo olim.
Qolayotir rafiqam zor,
Qizalog‘im va о‘glim.
Agar men bu jangda o‘lsam
Sodiq qolib udumga,
Farzandlarim onasin ham
Hukm etarsan o‘limga.
Men-ku,
ular erki deya
Jangga ketayotirman.
Farzandlarim mehri deya
Fidoyiman,
botirman.
O‘lsam,
Ular onadan ham
Yetim qolsa banogoh,
Top-mor bo‘lsin butun olam!
Bu ne vahshat!
Eshit, shoh!
Boqiysi yo‘q
hech odamning,
Biz ketarmiz tamomiy.
Ammo ayol -
Bu olamning
Kelajagi,
davomi.
Shu-chun,
o‘lsam kunim bitib,
Vasiyatim shu bo‘lsin:
Yorim emas,
Hamroh etib
Jang qurolim ko‘milsin».
Bu so‘z
Misli ochiq kunda
Bo‘ldi momoguldirak.
Keltirdilar
Bolta...
Kunda...
Bas,
Tafsilot ne kerak...
Bechoraning ochiq qolgan
Ko‘zlarini yumdilar.
Mozoriga
O‘zi bilan
Qilichini ko‘mdilar.
Bo‘lsin deya tavqi la‘nat,
Avlodlarga ta‘limot
Qabri uzra
Yozdilar xat:
«Bunda yotar
manfur zot!
Ko‘ring
bu kas holatini,
Yotar
misli
xor-u xas,
Bobolarning odatini
U bilmadi muqaddas.
His qilmadi
U yurakdan —
Ayol uchun dunyoda
Eri bilan ko‘milmakdan
Saodat yo‘q ziyoda!».
Qurbon bo‘ldi
Bitta yurak,
Qoldi tavqi la’natga.
Shundan ayol
О‘lsa erkak
Qo‘yilmadi lahadga.
Kel, ey ko‘nglim,
Inson aslo
Yaralmagan sabrga.
Sig‘inaylik
o‘sha tanho
Tahqirlangan qabrga.
Haq uchun
Bosh tutgan tikka
Mardlar ruhi
yor bo‘lsin.
Bu dunyoda
nohaqlikka
Ko‘nmaganlar bor bo‘lsin,
Zo‘rlik ko‘rsang,
Qilma toqat,
Har boshda bir o‘lim bor,
Fidoyilar umri faqat
Bu dunyoda
poyidor!
IKKINCHIFASL
G‘alayon
Kalkutta, 1926-yil
Kalkuttani
Quchdi g‘ulu,
Bosh ko‘tardi
olomon.
Qutlug‘ jang,
deb turdi hindu,
g‘azot,
dedi
musulmon.
Barahmanlar
dovul qoqdi,
Fatvo berdi
Imomlar.
Ko‘cha to‘lib
qonlar oqdi
To‘qnashganda imonlar.
Farzandidan оnа ayru,
Otasidan -
qiz, o‘g‘lon.
Budda haqi,
Bos,
der hindu,
Alqasos, der
musulmon.
Hindu ishi tahqir bo‘ldi,
Muslim ishi -
tahdidlar
Butxonalar vayron bo‘ldi,
Yakson bo‘ldi
Masjidlar.
Rikshami bu,
sohibmi bu,
Gadomi yo zodagon -
Farqsiz,
Faqat -
Bir yon hindu,
Bir yon esa -
musulmon.
Sirtga chiqdi
Asrlik kin
Va ming yillik
kudurat.
Ikki jondosh el aro din
Yana soldi
adovat.
Aslida-ku
Hayot og‘u,
Turmush o‘zi -
zimiston.
Aybdor emas
bunga hindu,
Gunohkormas musulmon.
Aslida-ku...
Beiztirob
Ho‘plab qora qahvoni,
Derazadan
oq tan janob
Kuzatar mojaroni.
U ko‘p xursand,
Labda kulgu,
Ko‘zi chaqnar
komiron.
Musulmonni so‘yar hindu,
Hindni esa
musulmon.
Janob shodon,
Ushalmoqda
Niyatning eng ulug‘i.
Hosil bo‘ldi shu tuproqda
Ekkan nifoq urug‘i.
Bo‘lmasin deb
qilar orzu
Bu nizoga hech poyon.
Mayli,
Ko‘proq о‘lsin hindu,
Ko‘p qirilsin
musulmon.
Nazrul
Johil olomonga
Qaradi-yu
oh chekib -
o‘zni otdi tik
maydonga
Yoqasini chok etib.
Faryod qildi:
«Ne vahshat bu,
Bas, xaloyiq!
Al omon!
Qotillikni to‘xtat,
Hindu,
G‘azotni qo‘y,
musulmon!
Hind, musulmon -
Birodarmiz,
Farzand Odam Atoga!
Haq oldida
barobarmiz,
Ayting,
Ne bor nizoga!
Xunrezlik qil demagan-ku
Na Veda-yu
Na Qur’on!
Tig‘ uradi
nega hindu,
Bosh kesadi
musulmon?
Farq -
kim mehrob,
kimsa butga
Sig‘inib bosh qo‘yadir.
Shu farq uchun
Yoqib o‘tga
El bir-birin so‘yadir.
Bas, adovat!
Bas, endi kin,
Jangni qo‘ying,
Odamlar!
Sizning asli yovingiz kim -
Bilib qo‘ying,
Odamlar!
Ular
Uzoq yurtdan kelib,
Yerga bukib shonimiz,
Bizni bizga
Dushman qilib
So‘rmoqdalar
qonimiz.
Bosqinchining
Qadimdanoq -
Falsafasi ayondir.
El ichida
bo‘lsa nifoq,
Demak,
zolim omondir
Ular
Mazlum vatanida
Bo‘lmasin der
sobitlar.
Jaholatning gulxanida
Isinadi
zobitlar.
Eldan omad ketsa,
dastlab
Hamjihatlik yo‘qolgay,
Bunday elni,
Sirtmoq tashlab
Har bosqinchi yiqolgay.
Bu adovat
Nahot mangu?
Nahot bitmas
bu qiron?
Do‘st bo‘lolmas
Nahot, -
hindu -
Jigariga
musulmon?
Sen hindmisan,
Muslimmi yo,
Birlik chog‘i
bu choqdir.
Bosqinchini
eng avvalo
Hind bahriga uloqtir.
So‘ng ushalgay
Barcha orzu,
Yashar ozod,
tinch,
omon
Vatanida ega hindu,
Yurtida bek -
musulmon».
* * *
Nazrul aytgan so‘zlarin men
Undoq bayon qilmadim.
O‘shal yoniq
nafasga teng
So‘zlar topa bilmadim
Tarjima ne?
"Asl she’rning
Ma’nosi-yu -
g‘oyasi.
Ammo ul o‘t,
ul sehrning
Faqatgina soyasi.
Nazrul she’ri
Bangolaga
Qanot yozdi nogahon.
Alangali
bu nolaga
Quloq tutdi
Hindiston.
Keksa Tokur
shukr aytdi shod,
Oq soqolin siladi.
Yosh shoirga
Nurli ijod,
Bezavollik tiladi.
Bu dunyoga
Nazrul, ammo
Olov bo‘lib kelgandi
O‘z olida yonib
ado -
Bo‘lishini bilgandi.
Asroldi
na xalq,
na Tokur,
U sig‘madi zamonga,
Isyonkorlik
Uni oxir
Olib keldi
zindonga.
Shoir bo‘lsang,
Bo‘lsin qalbing,
Elga qurbon bo‘lgudek.
Shoir bo‘lsang,
Bo‘lsin xalqing
Senga qalqon bo‘lgudek.
Shoir bo‘lsang,
Seni eling
Qalbi bilan tinglasa.
Yod olmasa hamki she’ring
Fidoliging
anglasa.
Shoir bo‘lsang,
Yurtda yasha
Meniki deb aytgulik.
Jannat yurtdan kechib o‘sha
Xarobaga qaytgulik.
Shoir bo‘lsang,
Qalamingni
Nayza qilib tutolsang.
Yurakdagi alamingni
Oq qog‘ozga
to‘kolsang.
Shoir bo‘lsang,
Qalb chirog‘ing
Yonib tursa to abad.
Bu dunyodan
ketar chog‘ing
Yig‘lab qolsa she’riyat.
O‘z bag‘riga olsa quchib
Seni ona makoning.
Gar shu baxtlar bo‘lsa nasib
Yo‘q dunyoda armoning.
* * *
Nazrul Islom bo‘ldi mahbus Turida uydan oldilar.
El kо‘zidan uzoq, maxsus
Bir xonaga soldilar.
Ishi qiziq bu jahonning
Hakamlar hukm etdilar:
Shoimi ul g‘alayonning
Sababkori, dedilar.
Aybnomani tinglang, hatto
Faryod qilar toshlar ham,
«Hindu bilan
muslim aro
Qutqu solgan shul odam!»
Olis yurtdan kelgan birov
Ayb qo‘ydi beandisha!
«Nazrul Islom -
Xalqiga yov,
Nifoq istar hamisha».
Bu dunyoda
bor qabohat,
Bu dunyoda
bor yolg‘on,
Ammo bunday
oshkor tuhmat
Bo‘lmagandi hech qachon.
Nazrul Islom
nomi oxir
Ming baloga taqaldi.
El uchun
Jon tikkan shoir
El dushmani
ataldi.
Hukm o‘qildi:
Bosh egib u
Asta borar hibs tomon.
Ajab!
Soqchi bir yon hindu
Bir yon esa
musulmon.
Uni turtar
musulmon ham,
Siltaydi hind havoldor.
- Qirpichoqda
o‘ldi akam,
Senda ekan ayb,
murdor!
- Ko‘p azoblar chekdi hindu,
Ko‘p qon to‘kdi
musulmon.
Sen kabilar yo‘qolsa-ku,
Yashar edik
Tinch, omon...
Asta
qadam tashlar
Nazrul,
O‘ylaridan ogoh yo‘q.
Soqchilardan
ranjimas ul,
Jaholatda gunoh yo‘q.
Jaholat to‘g‘risida rivoyat
Alqissakim,
Juda qadim
Jaholatlik zamonda,
Bir donishmand
ulug‘ hakim
О‘tgan ekan jahonda.
U kun bo‘yi
Giyoh terib
Kezib tog‘-u biyobon,
Odamlarga shifo berib
Yashar ekan
Shodumon.
Unga
ming bir mushkul dardning
Ayon bo‘lib davosi,
Bora-bora
Odamlarning
Ortaverdi ixlosi.
Tabobatga
Qalban,
ruhan
Fido qilib o‘zini,
Hatto bir kun
Nashtar bilan
Ochmish
Kо‘rning ko‘zini.
Rivoj topmish
Sohib hikmat,
Donish,
mehnat madadkor,
Ammo
Qayda bo‘lsa shuhrat
Yonboshida
Hasad bor.
Duoxonlar,
parixonlar,
0‘quvchilar chilyosin...
Xullas,
Yurtda bor nodonlar
Boshladilar ig‘vosin.
Tinmay
Kecha-yu kunduzi
Topib
Nabi so‘zidan
Dedilar: «Dard bergan
O‘zi!
Davosi ham o‘zidan!
Bandasiga bermak doru
Yaratganga isyondir.
Demak,
Hakim ishi makr-u
Uning o‘zi
Shaytondir».
Bu so‘zlarni
chin, deb bildi.
Nodon,
johil olomon.
Donishmandni sazo qildi,
Kaltakladi
Beomon.
Cho‘g‘ temirda
Ko‘ksin dog‘lab,
Dorga osmoq bo‘ldilar.
So‘ng bo‘yniga xarsang bog‘lab
Suvga bosmoq bo‘ldilar.
Keyin
Suvni,
arqonni ham
Hayf bildilar
«shaytonga».
«Yoqing, - dedi
Eng bosh hakam, -
Olib chiqib maydonga!»
Keng maydonga
Ko‘mib ustun,
Bog‘ladilar hakimni.
So‘ng
temirni o‘tga qo‘yib,
Dog‘ladilar hakimni.
Buyurdilar:
«Yoqing, shitob
Azozilning oshnasin.
Kerak bo‘lsa
Kimga savob,
Cho‘p keltirib tashlasin».
Savob uchun
Birov o‘tin,
Birov tashlar dona xas.
Hakim
Boshin baland tutib
Johil elga qaramas.
Bir payt
Gulxan sari bir chol
Asta kela boshladi.
Quchog‘ida
Bir bog‘ poxol,
G‘aram uzra tashladi.
Dedi:
«Asli tug‘ilgandan
Basir edim men o‘zim.
Sen
joduning tig‘i bilan
Ochib qo‘yding
ko‘r ko‘zim.
Tangri bilib
Yaratgan ko‘r,
Davo qilding ne uchun?
So‘roqda men -
manglayi sho‘r -
Nima deyman
Mahshar kun?
Haq yo‘lidan ozgan odam,
Ko‘zim ochib
ne berding?
Meni bir yo‘l
U dunyo
ham -
Bu dunyodan ayirding.
Ko‘rligimda
Bu olamni
Tasavvurda ko‘rardim.
Dunyodagi bor odamni
Mushfiq bilib yurardim.
Shafqat ila
Kim non-u
kim
Chaqa tashlab ketardi.
Men ham
shunga ko‘ngan edim,
Menga shu ham
yetardi.
Qornim to‘ysa -
saodatim
Yo‘q tuman xil tilaklar.
Hamsuhbatim,
Ham ulfatim
Jajji shirin go‘daklar...
O‘ylar edim:
Dunyoda bor
Musaffolik,
soddalik
Ko‘zim ochib
Ko‘rdim ilk bor
Berahmlik,
Soxtalik.
O‘g‘rilig-u fahshni kо‘rib
Jim yurarkan odamlar.
O‘z do‘stiga
Kulib turib,
Tig‘ urarkan odamlar.
Bir yonda aysh
Ko‘kka chirmash.
Bir yonda,
boq,
oh-u voh...
Bukun mening
ko‘nglimda g‘ash,
Imonimda -
ishtiboh.
Derdim:
Yurtni bir bor ko‘rsam.
Ko‘rdim.
Orzum to‘q endi.
Yo‘lda yotgan
ko‘rchalik ham
E’tiborim yo‘q endi.
Bu dunyodan
To‘ydim oxir,
Ado bo‘lsam mayliga.
Yo qaytadan,
0‘sha basir,
Gado bo‘lsam mayliga!»
Bu so‘zlarni
Eshitdi-yu,
Faryod qildi donishmand.
«Yoqing, -
deya so‘radi u, -
Olov bo‘lsin sarbaland.
Tezroq ketay
Bu dunyodan,
Hech toqatim qolmadi.
Mendan
shifo oldi
odam,
Olam -
shifo olmadi.
Xurofotning zahri tekkan
Nodon,
johil,
gumrohlar -
Davosiga ojiz ekan
Men kashf etgan giyohlar.
Ko‘r ko‘zlarga
Mehrgiyodek
Nur baxsh etdi
nashtarim.
Qalblar ko‘zin
ochmoqqa
lek
Kamlik qildi
Hunarim.
Odamlarga
men
yaxshilik -
Qilmoq bo‘ldim,
Netayin,
Manglayda
shu ekan
bitik,
Yoqing,
Kuyib ketayin!»
O‘t qo‘ydilar.
Yondi gulxan.
Qaro bo‘ldi
samovot.
Jaholatning
hukmi bilan
Qurbon bo‘ldi
Buyuk zot.
Gulxan yondi
Ко‘kkа o‘rlab.
Cho‘gi har yon
sochildi
Shu olovdan,
Elning,
ajab,
Aql ko‘zi
ochildi.
O‘kindilar,
Aza tutib
Yig‘ladilar,
kuydilar.
Donishmandga
Yillar о‘tib
Oltin haykal
qo‘ydilar.
E, voh,
Olim ko‘zi bilan
Ko‘rsaydi bu
hurmatni...
Ammo
Hakim o‘zi bilan
Olib ketdi
hikmatni.
Qo‘y, ey ko‘nglim,
Sen ul zamon
Dahshatin
kam о‘ylagin.
Senga nasib bo‘lgan davron
Sozin olib
Kuylagin.
Shukronalik
mayin ichib
Yayrab qolgin
bir nafas.
Bu olamdan
Bir kun kechib
Ketguvchi bir
biz emas.
Kel, ey ko‘nglim,
Kel, muhabbat,
She’r zavqiga
qonaylik.
0‘tda yonish bo‘lsa,
faqat She’r o‘tida
yonaylik.
Faqat
Bizga g‘am-u kadar,
Qayg‘u hasrat
yot bo‘lsin.
To
biz uchun
jon berganlar -
Ruhi mangu
shod bo‘lsin.
UCHINCHIFASL
Tutqunlikda
«Onajonim,
Menga bu kun
Sendan o‘zga dilxoh yo‘q.
Zindondaman,
Bilmam, nechun,
Menda zarra gunoh yo‘q.
Gunohkorman
na Allohim,
Na vijdonim oldida.
Faqatgina
Bir gunohim
Onajonim oldida.
Kechir, onam!
Ko‘zingda g‘am,
Azob bo‘ldim joningda.
Bukun bayram,
Men bukun ham
Bo‘lolmadim yoningda.
Odamlardek
Beozor, tek
Yashab yursam netardi.
Menga tole,
senga tinchlik
Balki nasib etardi.
Bulbullarga,
gullarga mast
Yozsam faqat g‘azallar
Balki meni
mirshablarmas,
Izlardi yosh go‘zallar.
Menga ham yor sokinlig-u
Sening ham yo‘q bu darding.
Men - uylik,
Sen - kelinlig-u
Nabiralik bo‘larding.
Oh, u yo‘l berk,
Menda yo‘q erk,
Tirik umrim - aftoda.
Ne qilayki,
Odamlardek
Yasholmadim dunyoda.
Lek ko‘nglimda nolish emas,
Allanechuk dilshodlik.
Garchi jismim
Bandi qafas,
Ruhimda bor ozodlik.
Tug‘ilishdan qul emasman
Qullik yot bu jonimga.
Erk istagi
Suting bilan
Kirmish mening qonimga.
Meni otash,
girdoblarga
Otgan o‘shal istagim,
Onajonim,
Azoblarga
Qo‘ydi seni yuragim.
Meni kechir,
Faqat sendan
Bukun uzr so‘rayman.
Uzr so‘rab umid bilan
Xayolimni o‘rayman.
Rozi bo‘lgin
Gar o‘g‘loning
Yurak qo‘rin asrolsa.
Bir kun
ona Hindistonning
Xizmatiga yarolsa».
* * *
Vaqt kam bo‘lsa
Undan odam
Ulgurgancha oladi.
Ko‘p bo‘lsa, ne qilarin ham.
Bilolmasdan qoladi.
Nazrul qaynoq ish qo‘ynida
Kun o‘tganin bilmasdi.
Naq bir olam yuk bo‘ynida
Kecha-kunduz tinmasdi.
Bo‘sh vaqt bermas jarida ham,
Noshirlikning ishi ko‘p.
Uyda,
eldan narida ham
Tinch yo‘q,
Yo‘qlar kishi ko‘p.
Bir tomonda bitilmagan
Dostonlari behisob,
Bir yon
Ko‘rib yetolmagan
Yotar ming-ming jild kitob...
She’r ustida o‘ltirmoqqa
Tanho bedor kecha bor.
U Xudodan
О‘У surmoqqa
Vaqt so‘rardi necha bor.
Mana fursat!
Bunda na g‘am,
Na dunyoning tashvishi,
Nanozir,
na ayg‘oqchi ham,
Na xayrixoh bir kishi.
Mana fursat
Xayol uchun.
Oy sur, ko‘kkа havolan.
Kerak bo‘lsa umring butun
Qayta yasha xayolan.
Ammo
xayol, o‘ydan ne naf,
Qo‘lda qalam bo‘lmasa,
Yurak ochmoq uchun so‘ylab,
Dildosh odam bo‘lmasa.
Qalam nadir,
Bo‘lsa ayon
Ketmasligi bekorga,
Barmog‘idan chiqarib qon
Yozar edi devorga.
Umid bo‘lsa
Bir kimsaning
Kelishidan sadoga
Dildosh nadir,
U dil sasin
yetkazardi samoga.
Ammo benaf.
Ko‘z oldida
Faqatgina tosh devor.
Xayol esa...
xayolida
Poyonsiz bir bo‘shliq bor.
***
Nazrul Islom
Tor zindonning
Tuynugidan qaraydi.
Ko‘rib zangor
sof osmonning
Bir parchasin,
Yayraydi.
Unda
Erkin qanot qoqib
Qushlar uchib yuribdi.
Bunda
Shoir ko‘kka boqib
Havas qilib turibdi.
Qushlar bilan uchay desa
Qani uning qanoti?
Bir olamdir
Orzu esa...
Yetarmikin hayoti?
Nazrul Islom
Tor zindonning
Tuynugidan qaraydi.
U falakdan
Hindistonning
Toleyini so‘raydi.
«Mayliga,
Men tutqun bo‘lsam.
Sen ozod bo‘l,
Onajon!
Ming qiynoqda
Mayli olsam,
Yurtim,
bor bo‘l,
Bo‘l omon.
Umrim yetsa,
Mehring tayanch,
Seni yayrab kuylarman.
Bu kun esa,
Mushkul,
ayanch
Qismatingni o‘ylarman.
Nega ming yil
Manglay tering
To‘kib yerga,
qolding och.
Sen olamga
Ipak berib,
O‘zing o‘tding,
yalang‘och.
Bebaho -
Fil suyaklaring,
Bahring aro -
to‘la dur.
g‘avvos qilib go‘daklaring,
Kelgindilar
oladir,
Yurtim,
Bitmas matonating,
Sen -
mujassam bardoshsan.
Fil singari
Zo‘r qudrating,
Fil singari
Yuvoshsan.
Ona o‘lkam,
Bir kun seni
Ozod ko‘rgim keladi.
Istibdodning zanjirini
Barbod ko‘rgim keladi.
Ko‘tararsan
Sen ham qadding,
Yo‘l olarsan
erk sari.
Himolayning ortidagi
Ozod vatan singari».
Nazrul Islom
Zindonda band,
U zax yerni quchardi.
She’ri esa qushlar bilan
Osmonlarda uchardi.
Kengliklardan oshar edi
Qalb shukuhi shoirning,
El dilida
Yashar edi
Isyon ruhi shoirning.
O‘z umrini qilgandi u
She’ri bilan jovidon.
0‘qir edi
Uni hindu,
Yodlar edi
Musulmon
Shoir bandi,
She’ri biroq
Uchar edi beto‘siq
Himolaydan oshib
Uzoq -
Ketgan edi bu qo‘shiq.
Dunyo bo‘ylab
Dovruq soldi
Nazrul Islom erk sasi...
Hindistonda esib qoldi
Ozodlikning nafasi.
* * *
Qiynadilar uni
Uzoq -
Yurtdan kelgan janoblar.
Sindirmadi, ammo qiynoq,
Bukolmadi azoblar.
Umid unga sabot berdi,
Ishonch berdi
Matonat.
Yuragiga qanot berdi
Ona yurtga
Muhabbat.
Bu kunlar ham o‘tib ketar,
Hayot oldda...
Hali yosh...
Ba’zan
Xayol surib ketar
Tosh devorga qo‘yib bosh.
Yosh ko‘ngliga qilar
Ta’sir
Falakning kaj xislati
Ko‘z oldidan o‘tar bir-bir
Shoirlarning qismati.
Bobokalon Rudakiy der:
«Quloq solgin so‘zimga.
Adolat deb bitdim-u she’r
Nil tortdilar
Ko‘zimga».
Tilga kirar Firdavsiy ham:
«La’nat, - deydi, - taqdirga.
Rustam, Zolni tanib olam
o‘zim qoldim
Tahqirga...»
Navoiy der:
«Zulmat aro
Ko‘p izladim yo‘limni.
Men o‘zimni qildim ado,
Yengolmadim zulmni».
О‘xshar Nazrul faryodiga
Barchasining nidosi,
Oxir
Shoir kо‘z oldiga
Kelar Bobur siymosi.
Deydi:
- Tingla ogoh bo‘lib,
Gar sen bo‘lsang tutqunda,
Men bir yurtga podshoh bo‘lib,
Umrim o‘tdi quvg‘inda.
O‘n ikkimda
Taxtga mindim,
Yosh ochildi ko‘zlarim.
Qondoshlarga yov kо‘rindim,
Meni sotdi do‘stlarim.
Najot istab
Men har nafas
Quyun kabi yelganman.
Yurtingga men
Shoh bo‘libmas,
Panoh izlab kelganman
«Tole yo‘qki jonima balolig‘ boldi,
Ne ishniki ayladim xatolig‘ boldi.
O‘z yurtni qo‘yib Hind sori yuzlandim,
Yo Rab, netayin ne yuz qarolig‘ bo‘ldi».
Shoir bo‘lib,
El ichida
Ruhim o‘sdi shonimdan.
Shoh bo‘lib,
Yov qilichida
Dog‘lar qoldi qonimdan.
Men shoh bo‘lib,
Alam bilan
Ko‘rdim jang-u
suronni.
Shoir bo‘lib
Qalam bilan
Oldim yarim jahonni.
Keltirdi ko‘p balo, sitam
Tiriklikda taxt-u toj.
Yarim ming yil so‘nggida ham
Yog‘ar menga
Ta’na-tosh.
Yosh Nazrulga qilar
Ta’sir
Falakning
kaj xislati,
Ko‘z oldidan
о‘tar bir-bir
Shoirlarning qismati:
Pushkin she’ri
Qildi faryod,
0‘qqa tutdi
o‘t qalbni.
Lermontovni otgan jallod
Dorga osdi
Mashrabni.
Shoirlarning -
Erkdir dini,
Erkka
sajda qildilar.
Erk kuychisi
Nasimiyni
Tovonidan shildilar...
Nazrul Islom
Surar xayol,
o‘yi
ado bolmaydi.
Der:
Shoirda
bor bir iqbol,
Ya’ni,
shoir о‘lmaydi.
Shohi Jahon va Avrangzeb
haqida rivoyat
Podsho odil bo‘lmas, degan
Haqiqat bor -
O‘ylaylik,
Keling,
shohlar zolim ekan.
Bizlar odil bo‘laylik.
Tojdorlardan bezdi dunyo
Ko‘raverib zolimlar.
Shohlar aro
Bo‘lgan ammo
Shoirlar-u olimlar.
Tarix ko‘p yil tahqir bitar
Chingiz kabi jobirga.
Ammo
mangu ta’zim etar
Ulug‘bekka,
Boburga.
Xullas...
Taxmin, Mirzo Bedil
Tirikligi vaqtida
Shohi Jahon o‘ttiz bir yil
O‘ltirdi Hind taxtida.
Neki qildi
Haq deb bildi,
Bildi shuni adolat,
Kimlargadir zulm qildi
Kimlargadir -
saxovat
O‘z davrida
davron surdi,
Yodlasin deb asrlar
Necha-necha shahar qurdi,
Shahar ichra -
Qasrlar...
May ham ichdi,
Aysh ham qildi,
G‘ussasini o‘ldirdi.
Xazinani zar-u -
dilni
Shodlik bilan to‘ldirdi.
Shohi Jahon
jasur,
dono,
Ko‘p hikmatga yor edi,
Shohning ammo
Bir bedavo
Og‘ir dardi bor edi.
Har komiron odamning ham
Bo‘lganidek bir kami
Shoh ko‘ngliga
Goh cho‘kib g‘am
Qaro edi olami.
Bu g‘am na mulk,
Na dardi shon,
Na farzand,
Na ishq dog‘i.
Nomsiz g‘amki kelar oson
Qiyin edi ketmog‘i.
Bunday chog‘lar orom berur
Na sayr-u na sayohat.
Ko‘zlaridan qochardi nur,
Yuragidan halovat.
Zardob yutib g‘ussasidan
Na suhbat,
na may talab
Ulug‘ podsho go‘shasidan
Chiqmas edi haftalab.
Ko‘z yosh yuvar ko‘zlarini,
Ko‘ngil to‘la tahlika...
Shunda
uning so‘zlarini
Tinglar edi
malika.
Aytar edi shoh o‘z dardin
Mumtoz Mahal xonimga:
«To‘ydim toj-taxt,
Mulk - baridan,
Bari tegdi jonimga.
Bu davlat,
Bu shon-u shavkat
Omonatga o‘xshaydi,
Vazirlarning fikri faqat
Xiyonatga o‘xshaydi.
Barchasining cho‘ntagida
Shoh qasdiga pinhon o‘q.
Farzandlarim yuragida
Menga zarra mehr yo‘q.
Har bir sharpa
Menga qo‘rqinch -
Holat bo‘lib ko‘rinar.
Umrim so‘nggi -
tola okinch,
Dahshat bo‘lib ko‘rinar.
Bo‘lmay turib
Bir falokat,
Yo bir fitna qurboni,
Tark etsaydim
Bexosiyat,
Bevafo bu dunyoni».
Shunda
Go‘zal Mumtoz Mahal
Tinglab shohning zorini,
o‘qib har gal
Bitta g‘azal
Ovutardi yorini.
Bedorlikda tunlar bilan
Ulanardi kunlari.
Ming bir kecha
Ertak aytgan
Shahrizoda singari.
Zulm-u fitna,
adovatning
Gunohligin o‘qirdi.
Mangulikka adolatning
Hamrohligin o‘qirdi.
o‘qir edi:
Odamki bor,
o‘tmog‘i bor jahondan.
Faqat ezgu ishlar yodgor
Qolgusidir insondan.
Yuragiga shohning qanot -
Berar edi g‘azallar.
Qanot nadir -
Qayta hayot
Berar edi g‘azallar.
Lekin shohning
Qay gunohi,
Qay zulmiga intiqom -
Bir tong
ko‘kka chiqdi ohi,
Qo‘ldan tushib sindi jom.
Voh,
hech kimga
yo‘qdir omon,
Yo‘qdir omon
ajaldan.
Judo bo‘ldi Shohi Jahon
Qalbi Mumtoz Mahaldan.
Devonaga aylandi shoh,
Dardin elga so‘zladi.
Majruh qushdek
To‘lg‘andi goh,
Goh bo‘tadek
bo‘zladi...
***
Kunlar о‘tib
Shohijahon,
Tengsiz hajr azobida
Qurmoq uchun berdi farmon
Malikaga obida.
—Dedi:
«Tiklang, shunday saroy,
Zarni qilmang hech hisob.
Havas qilsin kechalar oy,
Kunduzlari - oftob,
Yer yuzida uning aslo
Barobari bo‘lmasin.
Mumtoz Mahal nomi dunyo
Turgunicha o‘lmasin».
Ishga tushdi
Sonsiz asir,
Me’mor,
naqqosh,
sangtarosh,
Zanji qullar og‘och tashir,
Fillar tashir xarsang tosh.
Yigirma yil -
Yigirmaming
Jon jabridan bir amal
Mo‘jizasi bu olamning
Bino bo‘ldi
Tojmahal.
* * *
Yigirma yil...
Vaqt - beshafqat,
Ko‘pni kо‘rib dunyoda
Shoh qaridi,
Lek alpqomat
Yigit bo‘ldi shahzoda.
Tilak qildi
Shohi Jahon:
«0‘g‘lim faqat shod bo‘lsin.
Mendagi bul dardi hijron,
Hasratlarga yot bo‘lsin».
Oshno qildi
o‘yin, kulgu
Ovga, cholg‘u,
san’atga.
Xayolotni qildi mamnu,
0‘rgatdi shavq,
g‘ayratga.
Yovqur,
jasur,
har bir ishga -
Qodir qilib o‘stirdi.
Tig‘ urishga,
o‘q otishga
Mohir qilib o‘stirdi.
Fan bobida
Imlo ila
Shariatdan berdi dars.
Nutq san’ati,
harbiy hiyla,
Siyosatdan berdi dars.
Lek, rahmat, deb
Darslar uchun,
Mana harbiy nayrang, deb,
Otasiga qarshi bir kun
Isyon qildi Avrangzeb.
Shoh qo‘lida qilich sindi,
Nihoya, yo‘q armonga
Ota o‘g‘il taxtga mindi,
Ota tushdi zindonga.
Demang,.
bular rivoyatdir -
Xayolotda yetilgan.
Bu shafqatsiz haqiqatdir,
Tarixlarda bitilgan.
Vaqt yetib
Ming-oltmish to‘qqiz
Yilning shabon oyiga,
Cho‘ktirdilar otani tiz
O‘z farzandi poyiga.
Avrangzeb
Taqdir ekan,
Ne dey o‘zga.
Falak hukmi adolat.
Shoh jahon
Bas,
Hojat yo‘q ortiq so‘zga,
Sodir bo‘ldi xiyonat.
Ters aylandi garduni dun,
So‘zla,
nedir murodirig?
Hukm - sening hukming bu kun,
Vojib - sening irodang.
Avrangzeb
Alamingga nihoya yo‘q,
Ne taxtparast odamsan.
Sen shoh,
Senga himoya yo‘q,
Ammo netay,
otamsan.
O‘yla o‘zing,
Gunoh kimda?
Kimdan oldim tarbiyat?
Sen uyg‘otding yuragimda
Toj-u taxtga muhabbat.
Bu tuyg‘uni berib,
nega
Qaro qilding baxtingni?
So‘ng, qarib ham
Nechun menga
Bo‘shatmading taxtingni?
Ha, ha!
Inson shohmi, gado
Odam sutin ichgandir.
Tiriklikda qaysi podsho
Toj-u taxtdan kechgandir?
Shohi jahon
Kelar bir kun Senga ham gal,
Yoshsan,
vaqt bor sinovga
o‘zingga ur tig‘ni avval,
Og‘rimasa -
birovga.
Shuhrat mayi g‘oyat shirin,
Sarxush qilar odamni.
Sen bu baxtga yetding, lekin
Zabun qilib otangni,
Unutmaki,
Dohil bo‘lding
Tojdorlikning shoniga
E, voh,
bo‘yab ikki qo‘ling
Ikki og‘ang qoniga.
Bobur nasli
tarixida
Bu eng qaro bir varaq.
Bilki, inson taqdirida
«Alqasos-u minalhaq!»
Avrangzeb
«Haqdan qasos!»
Ayo Xurram!
Sen ham mendek bo‘lgansan.
O‘z otangga qarshi sen ham
Bir vaqt isyon qilgansan.
Yurishmadi.
Lek omading
Kelolmay taxt yoniga,
Qo‘llaringni bo‘yolmading
Buzrukvoring qoniga.
Shoh jahon
Ko‘targanman isyon rostdan,
Makr emasdi u biroq.
Saltanatni inqirozdan
Lozim edi qutqarmoq.
Ayon etdi vaqt -
kim haqli,
Ko‘rdi, bildi jahon ham.
Inson bilan inson farqli,
Isyon bilan isyon ham.
Avrangzeb
O‘z qilmishin
Har bir tojdor
Adolat deb aytadir.
Bilur yolg‘iz Parvardigor
Chin haqiqat qaydadir.
Men - ollomas,
Ne bilayin,
Lek qilichim kesgan payt.
Endi seni ne qilayin,
Padarimsan,
О‘zing ayt.
Shoh jahon
Ajab,
meni padar deysan,
Lek mehr yo‘q ko‘zingda.
Ne qilay deb so‘rma mendan,
Ixtiyoring o‘zingda.
Lozim ko‘rsang qay ajalni,
Buyur
Xoh kes,
xohi os.
Iltimosim -
Tojmahalni
Vayron qilma,
shu xolos.
O‘sha mendan yodgor tanho,
Uyg‘oq ruhim,
Yuragim.
Jonimni ol,
ruhim, ammo
Xarob qilma.
So‘ragum...
Avrangzeb
Vahshiylikka bormas qo‘lim,
Tojmahalni buzmasman.
So‘ramagil mendan o‘lim,
Ota boshin uzmasman.
Padarkushlik shonin aslo
Ravo ko‘rmam o‘zimga.
Sen yasharsan
Mendan rizo,
Rizo bo‘lsang so‘zimga.
Erta meni podsho qilib
Ko‘tarurlar,
kelarsan
Xalq oldida,
Rizoman deb
Meni duo qilarsan.
Qarib qolding,
Taxt g‘amin qo‘y,
Orom gashtin surib yot.
Huzurimda maslahatgo’y
Bo‘lib qolgin umrbod.
Shoh jahon
«Maslahatgo‘y bo‘lib qolgin
Huzurimdaumrbod...»
Sen dunyoga tug‘ilgan kun,
Men naqadar edim shod.
Yurganingda atak-chechak,
Minganingda ilk bor ot
Kelin ko‘rib,
So‘ngra go‘dak
Men naqadar edim shod.
O‘sha shodon damlar nechun
Men dunyodan o‘tmadim.
Yo bolangga to‘y qilgan kun
Senga aza tutmadim. '
Ko‘zlarimga butun dunyo
Hech oqarmas tun bu kun
Sulolangdan,
Bobur mirzo,
Omad ketgan kun bu kun?
E, voh,
Ota farzand aro
Ko‘tarildi oqibat.
Bu - intiho!
Chin intiho
Yetib keldi oqibat!
* * *
Tarix- -
bir ming oltmish to‘qqiz
Yilning shabon oyida
Toj sohibin
Qildilar hibs
O‘zi suygan joyida.
Ya’ni arkli saroyida
Sharqda shunday qoida -
Izzat-ikrom o‘z joyida,
Qo‘sh gilamlar poyida -
Faqatgina taxt-u toj yo‘q,
Mashvarat yo‘q,
Devon yo‘q.
Xazinaga ehtiyoj yo‘q,
Chunki qo‘lda farmon yo‘q.
Kecha Ajam, Rum, Xitoga
Larza solgan buyuk shoh
Qarab yotar keng dunyoga.
Tor darchadan
Ko‘kda moh
Asta kezar,
sochar xomush
Borliq uzra siymin hal
Misli xayol,
Sehrli tush
Mag‘rur turar Tojmahal.
* * *
Ey—
Quloq ber nidoga,
Toki yerda inson bor,
Na podshoga,
Ne gadoga
Alqasosdan omon bor.
«Jafo uchun,
Vafo uchun . .
Haqin oldi Shoh Jahon.
Biri uni qildi zabun
Biri esa - jovidon.
G‘amli tarix ibrat bo‘lsin,
Bo‘lsin senga namuna...»
Deya, asta,
ma’yus, sokin
Oqib yotar Jamuna.
TO‘RTINCHI FASL
Sharpalar
Insoniyat
Minglab qiynoq -
O‘ylab topgan
dunyoda.
Bu qiynoqlar ichra biroq
Birisi
eng ziyoda.
Unga toqat yo‘q
insonda,
Yo‘q undan zo‘r
dil dog‘i.
Bu iztirob -
Tor zindonda
Tanholikning qiynog‘i.
Shoir qalbning
Dildoshi yo‘q,
Qiynaladi
yosh joni,
Qutulmoqning
iloji yo‘q,
Yo‘q o‘lmoqning
imkoni.
Nazrul
Xayol surib yotar
Shiftga boqib
Uzun kun.
Necha-necha tonglar otar,
Necha-necha cho‘kar tun.
Goh
Ajib bir holat bo‘lar.
Hayron bo‘lar
o‘ziga.
Allanechuk
Oq sharpalar
Ko‘rinadi
ko‘ziga.
Ular kelib
Har zamonda:
«Yetar!
Nazrul!
Tur! - deydi. -
O‘ltirma bu
zax zindonda.
Bizlar bilan yur», - deydi.
«Yo‘q, yo‘q», - deya
Tutqun shoir
Sharpalarni quvadi.
Ko‘zdan oqqan
Achchiq yoshi
Yuzlarini yuvadi.
She’r о‘ylaydi
Nazrul Islom,
Izlab jonga halovat.
o‘yda she’r yo‘q,
Dilda ilhom,
Ruhda shavqi sinoat.
Nahot
Tamom bo‘ldi shoir?
Nahot bitdi saboti?
Nahot
Qalbda tugadi she’r
Tugamasdan hayoti?
Axir unda
Qancha orzu,
Ishq bor edi,
muddao!
Nahot bari tamom?
Nazrul
Qildi ko‘kka
Iltijo:
«Ey, Xoliqi olam,
Tilagimni qondir,
Umrimga ber barham,
Vujudimni yondir.
Holim bir senga ham
Bir menga ayondir,
Yaratibsan odam
Odamlikcha qoldir.
Tugadi iroda,
Yo‘q o‘zga dil rozim,
Yetganim ma’voda
Bo‘linsin ovozim.
Kim, avji navoda
Ushalsin bu sozim,
Eng oliy fazoda
Tugasin parvozim.
Shoirga dunyoda
Aslida shu lozim.
Ey, Xoliqi olam,
Tilagimni qondir,
Umrimga ber barham,
Vujudimni yondir.
Na jonda g‘ayratim,
Na ko‘zda hayratim,
Na dilda alam bor,
Na qo‘lda qalam bor.
Na boshda fikratim,
Na kerak
Siyratim,
El uchun adoman,
Tugadim tamoman.
Sig‘may keng jahonga,
Sig‘dim tor zindonga.
Ey, Xoliqi olam,
Tilagimni qondir,
Umrimga ber barham,
Vujudimni yondir!»
Nazrul Islom
Qilgan nido
Yetdi
yuksak osmonga.
Oliy ruhlar
Uni ravo
Ko‘rmadilar
zindonga.
Shoir ruhin
Olib mangu
Ko‘kkа
parvoz etdilar.
Tor zindonga
Faqat jon-u
Jismin tashlab ketdilar.
Nazrul Islom
Tor katakda
Devonavor turibdi.
Ruhi uning
keng falakda
Qanot yozib yuribdi.
Oliy ruhlar to‘g‘risida naql
Bolalikda eshitganim
Talay-talay ertakdan -
Xayolimda biri manim,
Sira chiqmas yurakdan.
Marhumlarning ruhi ko‘kda
Doim uchib yurarmish.
Biz ularni ko‘rmasak-da,
Ular bizni ko‘rarmish.
Biz xayrli ishlar qilsak,
Shodon bo‘lar emishlar.
Mabodo,
Biz yomon bo‘lsak
Nolon bo‘lar emishlar.
Do‘st, qarindosh -
urug‘larning.
Ruhi - oddiy ruh emish
Lek daholar,
Ulug‘larning
Ruhi - oliy ruh emish.
O‘z arshidan
Ular bizga
Bo‘larmishlar rahnamo,
Ko‘p ishlarni dilimizga
Solarmishlar doimo.
Yiroqda
Dard ichra qolib
Do‘stimiz zor bo‘lsa gar,
Dilimizga g‘ashlik solib
Qilarmishlar
Boxabar.
Bizni kunduz
Band etsa ish,
Xoli topib uyquni,
Ular bizga eslatarmish
Ketganlarning ruhini.
Shuning-chun ham
Dilimizni -
Ko‘marmishlar yog‘duga.
Qilarmishlar oshno bizni
Mehr degan tuyg‘uga.
Ofat kelsa
Bizga nogoh,
Bilguvchi ham ularmish.
Falokatdan bizni ogoh
Qilg‘uvchi ham ularmish.
Ammo
Oliy ruhlar faqat Pok dillarga yor emish.
Qayda bo‘lsa samimiyat -
O‘sha yerda bor emish.
Ular yashar
Bizdan o‘zga,
Benamoyon va besas.
Sharpalari hech bir ko‘zga,
Hech quloqqa sezilmas.
Ular bizni
Ko‘rib turar,
Buni sezmas nodonlar,
Ular bilan suhbat qurar
Faqat
Buyuk insonlar.
Ular borki - bizlar odam,
Haqiqat bor beomon.
Yaxshilik ham,
Yomonlik ham,
Qaytar bir kun begumon.
Biz mabodo,
qilsak gunoh,
Har qanchaki xilvatda,
Oliy ruhlar
Bo‘lur ogoh,
Jazo berar albatta.
Garchi
Bid’at yotdir menga,
Dahriy fikrat egadir.
Oliy ruhlar borligiga
Ishonaman negadir.
Lazzat shirin,
Davlat shirin,
Hech to‘ymaslar odamlar.
Ruhlar borki,
bir-birlarin
Yeb qo‘ymaslar odamlar.
Kel, ey ko‘nglim,
Ruhlarni sen
To borsanki, qilgin yod.
Kimlar uni vijdon desin,
Kimlar desin
E’tiqod.
Ammo ular
Dunyoda bor!
Shak keltira ko‘rmagin,
Meni nорок yo‘ldan
Zinhor,
Zinhor olib yurmagin.
Hatto o‘zing qolsang yolg‘iz,
Dema,
Mendan ogoh yo‘q,
Yashamoqdan e’tiqodsiz
Ortiq yerda gunoh yo‘q.
BESHINCHIFASL
Ozodlik
Bayroq qilib,
El qo‘zg‘aldi -
Nazrul Islom ismini.
Tor zindondan uni oldi,
Ammo faqat
Jismini.
Nazrul Islom
Ozod,
Ammo
El qanoti qayrildi,
Yosh,
navqiron,
tirik siymo -
Shoiridan ayrildi.
Nazrul Islom
She’ri butun
Hindistonda yangrardi. Ammo shoir
uni bugun
Na tinglar,
Na anglardi.
Shoirini qo‘ymay -
Qo‘lda-
El ko‘tarib eltardi.
Na quvonar
Nazrul bundan
Va na parvo etardi.
Bir yonidan quchar hindu,
Bir yonidan musulmon.
Ammo
Hushdan ayrilgan u,
Unga yotdir bu jahon.
Tabriklaydi
Uni Tokur,
«Ozodliging muborak!»
Ro‘znomalar qutlov yozur,
Bular unga ne kerak?
U na uyg‘oq,
Va na uxlar,
Hissiz boqib turardi.
Ruhi uning
Oliy ruhlar
Dargohida yurardi.
Shoir topdi
Erk chinakam,
Ozod bo‘ldi tamoman.
Bir yo‘l unga dardi olam
Barbod bo‘ldi tamoman.
U bir yo‘la
Sho‘rishlardan,
Savdolardan qutuldi.
Jabr-u jafo ko‘rishlardan,
Nizolardan qutuldi.
Qutuldi
U sig‘olmagan,
Sig‘dirmagan jahondan,
Xolis bo‘ldi
Ham zindondan,
Ham zindondek zamondan.
Ham tark etdi
Bir yo‘l uni
El dardidek og‘ir yuk.
Bu dunyoda
qoldi tani,
Behush,
beruh
va buyuk.
* * *
Qirq yil o‘tdi,
Uzoq qirq yil.
Bu dunyodan begona -
Nazrul Islom
Yashar bedil,
Yashar darvish,
Devona.
Qirq yil ichra
Nelar kо‘rib
Nelar chekdi
Hindiston.
Ammo
ko‘zi
Ochiq turib,
G‘ofil o‘tdi
yoniq jon.
Bosqinchilar
Yurtdan ketdi -
El g‘azabi
Quvoldi.
Shoir
Buni
Na his etdi,
Na ko‘rdi,
Na quvondi.
Nazrul Islom
Bu dunyoda
Yetmish besh yil
Yashadi.
Ammo
o‘ttiz ikki yoshda
Bu dunyoni
Tashladi.
Shoir umri
Qoldi she’rda,
Qoldi
Yoniq dostonda.
Bitganlari uning -
yerda
Ruhi esa
osmonda.
Zohidlar va oriflar haqida hikoyat
Bu ming yillik hikoyatdir,
Bayon etgan qosidlar.
Tarki dunyo
Saodatdir,
Deb aytdilar zohidlar.
Tiriklikda
Ular o‘lim
Sharobini totdilar.
Bu olamdan ayru bo‘lib,
g‘orga kirib yotdilar.
Ahli zuhud bandalarni
Darveshlikka chorladi.
Lek kiymadi jandalarni,
Orif inson
Bormadi.
Zohid so‘zi:
Kech jahondin,
Tinglagil shayx maqolin.
Orif so‘zi:
Alloh zamin
Uzra sochgan jamolin.
Zohid aytdi:
Sharob harom,
Osiy erur mayparast.
Lekin shoir Umar Xayyom
Ishq mayiga bo‘ldi mast.
Zohid dedi:
Hur-u g‘ilmon,
Orif dedi, jonona.
Qays Laylining ishqi bilan
Majnun bo‘ldi devona.
Tun borki,
Tong bor unga zid,
Suy bordirki - alanga.
Tug‘ilganda
Yerda zohid,
Orif keldi olamga.
Vah dedi dunyoni buzib
To‘la ichib, -
Shavqqa to‘ldi shoirlar.
Zohidlarga qarshi chiqib,
Orif bo‘ldi shoirlar.
To dunyoga kelmish bashar,
Birjabhadak yelibduch.
Birga yashar,
Ham kurashar
Inson aro ikki kuch.
Boshlar boshqa-boshqa yo‘ldan
Boshqa-boshqa tilagi -
Zohid yanglig‘ aqli bilan,
Orif yanglig‘ yuragi.
Biri tutib
Aysh yo‘lin berk,
Tiyilmoqqa undaydi.
Biri esa shaloladek
Quyilmoqqa undaydi.
Men ham bitta sargashta jon,
O‘rta yo‘lda tururman.
Ular aro ikki jahon
Ovorasi erurman.
She’r, ishq faslin
Ilk onidan
Rahnamodir qalb menga.
Balki she’rning osmonidan
Tushmoq chog‘i zaminga.
Ey ko‘ngil, bol sodiq habib,
Meni zinhor tashlama.
Habibim bo‘l, ammo hadeb
O‘z ko‘yingga boshlama.
Yolg‘iz manim desa fikrat,
Yo‘q, manim, deb da’vo qil.
Lekin gohi,
Yetdi fursat,
Fikratga ham oshno qil.
Tutma menga ishq yo‘lin berk,
Mayli, toshgin, quyilgin.
Ammo o‘zga berma ko‘p erk
Qirqni ko‘rding, quyilgin.
Bas, о‘у surma, senga dunyo,
Asroridan ne g‘am bor?
Bu dunyoda
Odil tanho
Vaqt atalgan hakam bor!
Nihoya
Dehli. 20-mart, 1979-yil
O‘t balosi,
Suv balosi,
Ortiq yerda balo yo‘q.
Lek ofatning yo‘q davosi
Bosh ko‘tarsa
Xaloyiq.
O‘t-u suvga tadbir bordir,
El g‘azabi - beomon,
O‘t nochordir,
Suv nochordir
Qo‘zg‘alsa och olomon.
Shunday deyman
To‘xtab qolgan
Avtobusda o‘ltirib.
Namoyishga el qo‘zg‘algan
Ko‘chalarni to‘ldirib
Oqib kelar yalangoyoq
Dehqon,
kosib,
koranda,
Ikki yuz ming
Qo‘li qadoq,
Ikki yuz ming
Och banda.
«Bering bizga yer bilan suv,
Mehnat bering,
Bering non»,
Bosh ko‘targan
Tamilnadu,
Bosh ko‘targan Rajaston.
«Bu tuproqda,
Ayting,
inson -
Nega buncha beqadr?
Bizda ham bor orzu,
armon,
Gunohimiz nimadir?
Yo aybimiz -
Bizning maskan -
Shu-jafokash vatanda?
Qarolik yo o‘t tutashgan
Qaro ko‘zda,
Badanda?
Nega kimda har narsa bor,
Bizda esa...
Nega biz -
Faqat chayir,
ammo nochor
Qo‘lgagina egamiz?
Yaralishda
Ham Mahsharda
Tengmiz,
Inson bo‘lamiz.
Ne uchun biz ko‘chalarda
Tug‘ilamiz,
O‘lamiz?
Asli qismat
Yo asirlik,
Iztirob, ko‘z yoshmidi?
Sharq chindan ham ming asrlik
Qotib qolgan toshmidi?»
El oqimi qator-qator,
Yo‘q,
Shashqator -
ko‘zdan dur,
Oqib kelar Panjob,
Bihor,
Maysur,
Assom,
Manipur...
Oqib kelar ufq tagidan
So‘ngsiz qora olomon.
Bu-
Hindiston yuragidan
Silqib oqqan
Qoraqon.
Men bu fursat
Ishtiroksiz
Derazadan qarayman,
Ne qilayki,
Bunda yolg‘iz
Tomoshaga yarayman.
Negaki,
Men o‘zga eldan,
Balki o‘zga zamondan.
Balki bunda uchib kelgan
Yiroq yulduz tomondan -
Bir mehmonman.
Hayrat kо‘zin
Mash’al qilib boqaman.
Xayolan
Shul mavjli tolqin
Quchog‘ida oqaman.
Jisman chetda,
Ammo ruhan
g‘alayonda men ham bor.
Nazrul Islom
Ruhi bilan
Bormoqdaman bir qator.
Men ham alvon
Tug‘ ko‘tardim.
Shu el dog‘i dog‘imdir.
Dardi uning -
Mening dardim,
Ohi - mening ohimdir.
***
Ko‘tarolmay
Dardlar yukin,
Zamin qalqib turibdi
Nazrul Islom
Ruhi bukun
Olam kezib yuribdi.
Ilhom chog‘i
Dil zamindan
Ko‘k toqiga 0‘rlaydi.
Nazrul Islom
Ruhi mendan
Shunda hisob so‘raydi.
Shoir bo‘lib
Elga bukun
Darkormisan,
der menga.
Fidolikka xalqing uchun
Tayyormisan,
der menga,
Der:
«Shoirlik - yurakda qon -
Silkib turgan jarohat.
Tilamasman senga, o‘g‘lon,
Osuda baxt,
Farog‘at.
Tilamasman bir zum orom
To tiriksan,
Bedor bo‘l.
Azob bersin senga ilhom,
She’r dardida bemor bo‘l.
Taqdiringdan senga dunyo
Rohatlarin so‘rmasman.
O‘z qismatim
Senga ammo
Sira ravo ko‘rmasman».
«Saqla, -
deydi
yurak qo‘ring.
Dil otashing so‘nmasin.
Umring ado bo‘lmay turib
Cho‘g‘ing ado bo‘lmasin».
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish