Nido(Bag‘ishlov)

1960-1990-yillar Doston O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

NIDO (Bag‘ishlov) Hayqiraman, Tog‘lar bag‘ridan Gumburlagan sado keladi, Ona-Yerning otash qa’ridan «О‘glim!» degan nido keladi. «O‘g‘lim!» Vujudimni chulg‘ar alanga, Bo‘g‘zimga tiqilar hayajon. - Mana, men o‘g‘lingiz, Dardli olamga Sizdan tanho yodgor, So‘ylang otajon! So‘ylang, bir daqiqa quloq solayin, Ovozingiz tinglab to‘yolmaganman. Bir marta yo‘qotib topolmaganman, Xayolimda tiklab olayin. Otajon! Men axir qutlug‘ bu so‘zni Yigirma yil olmadim tilga, Yigirma yil saqladim dilda. Armonk o‘g‘lingiz tinglaydi sizni, So‘ylang, eshitaman. Vujudim tilka, Yuragimni yoqar o‘tli iztirob, Ammo yuragimda bir tomchi yosh yo‘q. Bag‘rim o‘yib, Bu kun menga bermoqda azob Sizning ko‘ksingizni teshgan qora o‘q. Silqib oqayotir - Ko‘kragimda qon. Qalbim o‘rtamoqda so‘ngsiz armonim... Yurak qonim bilan bitgan dostonim Sizga bag‘ishladim, Otajon! *** Xayolning tumanli pardasi aro Yillar ko‘z o‘ngimda charx urayotir. Qishloq ko‘chasidan zanjiday qaro Olov bolaligim yugurayotir. Dunyo qayg‘usiga bo‘lmagan oshno, Qah-qah urayotir, Barq urayotir. Bilmas, boshi uzra bulutli samo Chaqmoq chaqayotir, Guldurayotir. Bilmas, yaralangan bu majruh dunyo Qasos so‘rayotir, Bong urayotir... Qadamlar, Og‘ir qadamlar... Etiklar zarbidan titraydi tuproq. Qayerga ketmoqda shuncha odamlar? Nahotki, yo‘llari shunchalar yiroq! - Ana, ko‘ryapsanmi? Mening dadamlar! Dada!!! Ovozim hech chiqmaydi biroq. Yuguraman - ortga ketar qadamlar, Yig‘layman - ko‘zimga kelmaydi namlar, Murg‘ak vujudimda faqat zo‘r titroq! Bo‘g‘zimda alamlar, Achchiq alamlar, Yo‘lning o‘rtasida turibman. Shu choq - Poyezd qichqiradi, To‘xtang, odamlar! Qayga ketmoqdasiz? Qani dadamlar?! Tepamda yonadi zangori chiroq... Cho‘chib uyg‘onaman, Onam qoshimda. Mehribon qo‘llari Otash boshimda: - Nega yig‘layapsan, Yolg‘zim, qo‘zim? Tun uzoq, uxlay qol, Ko‘zlaringni yum. Orom ol, men senga Allalar aytay. Tongda peshonangdan O‘pib uyg‘otay. Ana, derazangga Qo‘nibdi hilol. Boshingga egilib So‘rmoqchi savol. Sening kiprigingga Sochmoq bolib zar, Hilol tegrasida O‘ynar yulduzlar. Men sening baxtingman Deganday go‘yо Imlab chorlamoqda Yoqut surayyo. Senikidir bular, Seniki bari. Seniki osmonning Zar qandillari. Somonchining yo‘li - Sening yo‘llaring, Uzatsang Zuhroga, Yetar qo‘llaring Ulg‘ay bolajonim, Ulg‘aygin tezroq. Sening yo‘llaringga Yulduzlar mushtoq. Hozircha orom ol, Yolg‘izim, qo‘zim. Tun uzoq, uxlay qol, Ko‘zlaringni yum. Olis sohillarda, Ufqdan nari O‘lim sochmoqdadir Yov quzg‘unlari. O‘lim sochmoqdadir . Elga beayov. Shahar, qishloqlarni Yutmoqda olov. O‘sha olis yurtda Qon kechib hozir Otang hayot uchun Jang qilayotir. Ellarning erk degan Sof tilagi deb, Jahonning nurafshon Kelajagi deb, Ofat solmasin deb Olamga qotil, Otang uzoq yurtda Jang qilayotir. Sen uchun, men uchun, O‘z uchun emas, Faqat o‘zbek va yo Rus uchun emas, Butun Yer - undagi Bor avlod uchun, Dunyoda eng qutlug‘ E’tiqod uchun Uzoq o‘lkalarda Qon kechib hozir Otang hayot uchun Jang qilayotir. Sen, uxla, yolg‘izim. Sen uxla, qo‘zim, Bir nafas orom, ol Ko‘zlaringni yum. Bu kunlar albatta O‘tib ketadi. Bashar jarohati Bitib_ketadi Ona-Yer qaytadan Yasharar bir kun. Olam nur qo‘ynida Yashnar lolagun. Jang-u jadallarga Kelur intiho, Bizning dunyo bo‘lur Urushsiz dunyo. Bu kunlardan qolur Faqat xotira. Ammo xalq jafoni Unutmas sira. Bu kunlar ketar-u, G‘am, dog‘i qolur. Yuraklarga solgan Firog‘i qolur. Avlod-avlodlarga Zamon-zamonga Abadiy, adabiy Sabog‘i qolur. Sen ham unutmassan, Yuragim, qo‘zim. Hozircha tinch uxla, Ko‘zlaringni yum. Vaqt kelar, ulg‘ayib, Odam bo‘larsan Ilm olib sohibi Olam bo‘larsan. Sen bizlar ko‘rganni Ko‘rmagaysan hech, G‘urbat yo‘llaridan Yurmagaysan hech Olam to‘la quyosh, Qalbing to‘la nur, Oydin bir zamonda Yashaysan masrur. Bizlar ham o‘lamiz Vaqt kelib bir kun. Sizlarga qoladi Muqaddas zamin. Siz uni avaylab Kaftda tutasiz, Sharaf yo‘llaridan Olib o‘tasiz. Otash alangaga Tutmaysiz uni, Dahshat ummoniga Otmaysiz uni. Zamin tegrasiga Oltin kamalak O‘raydi yetti xil Nurdan chambarak. Siz uning bag‘rini Роrа qilmaysiz, Otalar xokini Saqlab muborak. Sen shunday davronda Yashaysan qo‘zim. Hozircha orom ol, Ko‘zlaringni yum... Boshimizda otashin falak, Poyimizda otashin tuproq, Qo‘limizda yog‘och kamalak, Ostimizda yog‘och arg‘umoq, Oppoq changdir engil-boshimiz, Oppoq changdir ko‘z-u qoshimiz. Ko‘r-u karmiz, Beshdan oltiga. Endidigina o‘tgan yoshimiz, Ko‘cha-ko‘yda ko‘tarib suron Yugurarmiz sahardan to kech, Olam uzra kezar zo‘r bo‘ron, Biz bu haqda o‘ylamaymiz hech. «Urush-urush» o‘yin bo‘lsa has, Titratamiz ko‘k-u zaminni. Kim o‘ylabdi deysiz u nafas Bu urushning rostakamini. Burchaklardan bir-birimizni Yog‘och miltiq bilan otamiz, Biz bilmaymiz: Qay birimizning O‘qqa uchdi bu vaqt otamiz, Ko‘ksimizni ushlagancha Yiqilamiz, O‘lgan bo‘lamiz, Biz dunyoda rostakam o‘lim Borligini qaydan bilamiz?! Dahshat solib kezarkan u dam Uzoqlarda jang guldurosi, Bizning qishloq ko‘chasida ham Yangrar edi Aksi sadosi. *** Quyosh botar, Oqshom cho‘kar ko‘cha-ko‘yga, Tarqalamiz uy-uyga-yu tepa to‘ga, Tun boshlanar, Menga charchoq bilinmaydi, Kiprigimga uyqu sira ilinmaydi. Murg‘ak fikrim yetaklaydi xayollarga, Onam qo‘ynin to‘ldiraman savollarga, «Ayting, aya, mening dadam qahramonmi? Tog‘larni ham qulatguvchi pahlavonmi? To‘pponchasi bormi uning cho‘ntagida? Ordenlari juda ko‘pmi ko‘kragida? Mening dadam samolyotda uchadimi? Osmonlardan parashutda tushadimi? O‘tkir po‘lat qilichini qo‘lga olib, Dushmanlarning yuragiga qo‘rquv solib, Katta jangga kiradimi yolg‘iz o‘zi? Yelkasida yonadimi besh yulduzi? Ayting, dadam meni yaxshi kо‘radimi? Kelganida toycha olib beradimi? Ko‘chalarda toychog‘imni yetaklatib, Qo‘llarimdan ushlab olib yuradimi? O‘sha kunlar tezroqqina bo‘la qolsin? Ayting, dadam hayallamay kela qolsin». 44-yil. Sentabr tongi otdi. Meni cheksiz quvonch bilan baxt uyg‘otdi. Ko‘k jildimda alifbe va bir burda non, Birinchi bor qadam qo‘ydim maktab tomon. O‘yinlardan ancha erta to‘ygan edim, Kitoblarga barvaqt havas qo‘ygan edim. Yod bilardim alifbening harflarini, O‘qir edim informbyuro xabarini. Juman «pochta» dadamdan xat keltirgan kun Katta bayram yuz hijjalab, yuz tutilib. Takrorlardim yirtilguncha xat titilib. Yayrar edim ma’nosini uqarkanman, Dadam xatin o‘qib savod chiqarganman. Bu kun yana xat olganmiz, Ajoyib xat, Gospitaldan chiqqan emish sog‘-salomat, Boshidagi jarohati bitgan emish, Hatto о‘rni bilinmasdan ketgan emish. Berlin tomon tushar endi yo‘lim? debdi Xat so‘nggida yaxshi o‘qi, о‘glim, debdi. Shu kun tunda uch chiziqli daftarimga, Oro berib katta-katta harflarimga, Xira chiroq yorug‘ida ko‘z ishqalab - Dadamga xat yozmoq uchun surdim qalam: «Dadajon!» Men sizni juda sog‘indim. Sog‘indim ikkala kо‘zim bilan teng. Kelib qolarmishsiz ertami-indin, Ayam shunday dedi, Rostmi shu, ayting?! Dada, U kun sizni tushimda ko‘rdim. Oq otda keldingiz, So‘radingiz suv. Men buni ayamga gapirib berdim. Dadang keladi, deb aytdi, Rostmi shu?.. Rustamning akasi urushidan qaytdi, Qo‘ltiqtayog‘i bor, Bir oyog‘i yo‘q, Rustam aytib berdi: Ataka payti Tizzasidan olib ketgan emish o‘q. Hol aka qaytgandi uyga to‘satdan, O‘g‘li, dadajon, deb chopib kelibdi. Ota quchay desa qo‘li yo‘q ekan, Tik turgan joyida yig‘layveribdi. Darsga kelmay qoldi Tunov kun Tal’at, Muallim urishsa turaverdi jim. Dadasidan kelgan ekan qora xat. Hammamiz yig‘ladik, Hatto muallim... Dadajon! Sizga o‘q tegmasin hecham, Men uchun ham tezroq qayting salomat Buvim aytgan, Agar men tilak qilsam, Tilagim bo‘larmish doim ijobat. Rost aytaman, Sizni juda sog‘indim, Sog‘indim ikkala ko‘zim bilan teng, Kelib qolasizmi, ertami-indin? Kutaman, Dadajon, Albatta keling». Hijron kechalari g‘oyatda uzun, Ayriliq yo‘llari oils nihoyat. Ko‘chaga chiqaman yuz bora har kun, Ko‘zlarim nigoron, Kelarmikan xat? Tongda turganda ham, Kun botganda ham, Hatto kechalari qilolmay toqat, Eshikka qarayman, Chekaman alam. Intizor bo‘laman, Kelarmikan xat? Men qaydan bilibman, Yo‘l bosar ekan Mening murg‘ak xatim bekatma-bekat. U yoqdan, Xuddi u borar manzildan Yo‘lga chiqqan edi mash’um qora xat. Qosh, ko‘zlaring otangga o‘xshar. Deyishadi bilganlar doim. So‘ng xo‘rsinib qo‘shib qo‘yishar: O‘xshamasin umring, iloyim. Otam tutgan mash’alni ushlab, O‘sha yo‘ldan boraman men ham. Mayli edi Otamdek yashab, To so‘nggi dam Unga o‘xshasam. Bobolarning hikmati Hayotga yorug‘ yo‘ldir. Otang bolasi bo‘lma, Odam bolasi bo‘l, der. Bu so‘zni ilk bor menga O‘rgatgan otam edi. Men otam farzandiman, U esa odam edi. Qirq birinchi yillarning Dahshati ko‘z oldimda, Go‘dak edim, otamni Kuzatgandim yodimda. U ko‘plar baxti uchun Kirar ekan zo‘r jangga Onam boshimni silab, O‘xsha, degan otangga. Mening mardlik maktabim Jonfido otam edi. Men otam farzandiman, U esa odam edi. Men otam bosib o‘tgan Qonli yo‘lni o‘tmasman. Ammo shonli hayotni Bir umr unutmasman. Ona-Vatan ko‘ksiga Qalqon bo‘lgan otamning, Ko‘plar baxti yo‘lida Qurbon bo‘lgan otamning - Aziz nomin qalbimda Vijdonimdek saqladim. Uning o‘lmas ruhini Shod etmoqlik maqsadim. Umrimni fido etay U jon bergan Vatanga. El mendan rozi bo‘lsin O‘xshabsan, deb otangga. * * * Quzg‘unning qanotiday Qaro edi o‘sha tun. Na milt etgan yulduz bor, Na yilt etgan bir uchqun. Kech kuz edi, Tund kecha, Yer-ko‘k mungli, borliq g‘ash, Qor ezilib yog‘ardi Yomg‘ir bilan aralash. Sukunat. Jang tin olar, Faqat gohi-gohida Mushak uchib so‘nadi Dushman qarorgohida, Yarim tun zulmatida Tepalikni qoralab To‘rt soya emaklardi Chakalakzor oralab. Har zamon to‘xtab-to‘xtab Hordiq olishar edi, Jim qolib sukunatga Quloq solishar edi. Mana, ular o‘rmonning Chekkasida o‘tdilar Va nihoyat daryoning Sohiliga yetdilar. To‘xtadilar, bir nafas Ko‘z tikdilar yiroqqa. Atrof jim, Faqat daryo Urilardi qirg‘oqqa. Sirli tun, butun borliq Sehrlangan singari. Shunday kecha to‘rtovlon Yo‘l olmishlar qay sari? Qay manzilga shoshishar Shu sovuqda, shu namda? Go‘yo qor bor, Yomg‘ir bor, Tun bor faqat olamda... Avtomatlar bosh uzra Ko‘tarildi tug‘simon. Birin-ketin daryodan Suzib ketdi to‘rtovlon. Jim, sharpasiz suzishar, Yaqin qoldi qirg‘oqqa, Yot, notanish tovushlar Eshitilar quloqqa. Mana sohil - tik qirg‘oq, Atrof yalang, Narida Ikki dushman soqchisi Ko‘rinar tun bag‘rida. Bir-birovga tikildi Bir so‘z demay to‘rt juft kо‘z? Shu qarashning o‘zida Aytilgandi barcha so‘z. Теk qotdilar. Komandir Imo qildi nihoyat, Tun bag‘riga emaklab Kirib ketdi to‘rt soya. Nogahon o‘q otildi, O‘t chaqnadi ketma-ket. Dushman sezdi, Razvedka Jangga kirdi betma-bet. Granata portladi, Tilga kirdi avtomat. Bir yonda butun bir polk, Bir yonda to‘rtta soldat. Ikki yondan o‘q yog‘ar, Olov yog‘ar beshafqat, Bir tomonda tahlika, Bir tomonda jasorat. O‘rtada tekis kenglik, O‘rtada quyuq zulmat. Bir tomonda yovuzlik, Bir tomonda adolat. Qancha davom etdi jang Bilar faqat-qaro tun, Bilar faqat tepalik, Ammo bular lol va gung. Tongga yaqin qor tindi, Asta yorishdi osmon. Tepalikka ilk nurin Sochdi xurshidi jahon. Bunda yerni quchgancha Toshlarga qo‘yib boshin, To‘rt o‘g‘lon tinch uxlardi Ko‘kragida qo‘rg‘oshin. Tungi og‘ir jangdan so‘ng Go‘yo tin olar bari. Ona bag‘rida yotgan Ma’sum go‘dak singari. Shu tong sabo yig‘ladi Boshin urib qirg‘oqqa. Oq, momiq bulutlarning Bag‘ri chok-chok so‘kildi. Shu tong oftob nurlari Ko‘z yosh bo‘lib to‘kildi. O‘rmonlar shovillagan Olis yurtda hali ham Nomsiz tepalik uzra Uxlab yotibdi otam. * * * Tengdoshim, Asrdosh birodar! Kel, bir on jim o‘yga cho‘maylik. Buyerda yotibdi fidolar Kel, uni gullarga ko‘maylik Bu yerda baxt bo‘lsin, hur bo‘lsin, Bo‘lmasin qora tun zulmati. Bu yerda yuraklar hur bo‘lsin. Qaytmasin, u kunlar dahshati. Tengdoshim, asrdosh birodar! Uyg‘oq bo‘l, hushyor boq olamga. Bu yerni quchmasin alanga, Qabrida tinch yotsin fidolar. Eshit, ingrayapti Ona-Yer Qo‘ltiq tayoqlarning zahmidan, Bu tuproq yuragi poradir Atom zontlarining vahmidan. Eshit, chorlayapti Ona-Yer, Ko‘ksida olovli oh-faryod. Asrdosh birodar, qo‘lni ber, Kel, Yerga qilaylik qasamyod: Bo‘lurmiz gal kelsa har birimizga Tinchlik janggohining fidosi. Bu senga bu menga, bu bizga Yigirmanchi-asr nidosi. Yiroqlarda qoldi Uqubatli yillar, Yer ostida yotar topganlar zavol. Qolganlar umrning Sarhisobin qilar, Soch oqiga boqib surarlar xayol. Yillar o‘tdi-ketdi Dovulini qoqib. Tuproqqa berildi ne-ne aziz jon Bizlar xayollarning To‘lqinida oqib, U kunlar haqida to‘qiymiz doston. Ammo o‘lganlarga She’r, doston ne naf, Ne foyda yig‘lashdan qalb dardin aytib. Ming yil shon o‘qisak, Ming yil aytsak sharaf, Ketganlar dunyoga kelmaydi qaytib. Nega egilmasin Odam ketsa odam, Ustunga zo‘r kelar qulasa ustun. Bu tashvishli dunyo, Sermashaqqat olam Bizning yelkamizda qoldi-ku, do‘stim! Uni bo‘ronlardan, Quyoshli yo‘llardan Nurli istiqbolga olib o‘tamiz. Biz uni olganmiz Tabarruk qo‘llardan, Tabarruk qo‘llarga eltib tutamiz. Avlodlar uchun ham Qutlug‘ bo‘lar albat Yer uzra to‘kilgan ko‘z yosh, qon va ter. Bepoyon kenglikda Charx uradi abad Ulkan yurak shaklidagi Yer...
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.