Shaharmi bu qishloqmi bu?
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
SHAHARMI BU, QISHLOQMI BU?..
(Voqeiy she’r)
Ko‘p ajibdur dunyo ishi,
Na so‘ngi bor, na boshi bor.
O‘n sakkiz ming olam bo‘lsa,
Barining o‘z quyoshi bor.
Har bir farzand - bir otadan,
Bir daraxtdan - har bir meva.
Lek olamda bir ko‘cha bor
Karvoni yo‘q yolg‘iz teva.
Yo u yoqmas, yo bu yoqmas,
Yo shaharmas, yo qishloqmas.
Yonboshida dorilfunun.
Muz maydoni - ulkan saroy.
Shahrimizning naq o‘zida
Bir orol bor - egasiz joy.
Shaharda ham, qishloqda ham
Hech bir son-u sanoqda yo‘q.
Hujjatlarni titkilaymiz,
Hayron bo‘lmang, hech yoqda yo‘q.
Ajab makon, hech kim boqmas,
Yo shaharmas, yo qishloqmas.
Qayerdamiz - bilolmasdan
Har og‘izga boqar bo‘ldik.
Birov aytar - qishloqdamiz,
Birov aytar - shahar bo‘ldik.
Yana birov bu gap xato,
Haqiqatda bundoq deydi:
Juft son uylar shahar bo‘lur,
Toq son uylar qishloq deydi.
Men juftmidim yo toqmidim,
Shaharmidim, qishloqmidim.
Anov qo‘shnim shaharlikdir
Ro‘paramda turadi u.
Menga ba’zan hazil qilib
«Qishloqi» deb yuradi u.
Na u yoqda, na bu yoqda,
Hech kim bizga parvo qilmas.
Shahar bizdan yuz o‘girgan,
Kolxoz esa a’zo qilmas.
Mag‘izmidik, po‘stloqmidik,
Shaharmidik, qishloqmidik!
Ko‘cha cheti katta-maydon;
Necha yilki, qo‘l urilmas.
Qishloq bo‘lib, ekilmas don,
Shahar bo‘lib, uy qurilmas?
Hamma bo‘shliq yelka qisar,
Nega demang, negasi yo‘q.
Keng olamning egasi bor,
Bu maydonning egasi yo‘q.
Shaharmi bu, qishloqmi bu,
Yo daxlsiz qirg‘oqmi bu!
Bu atrofda bog‘cha bormi?
Bog‘cha qani - Hirotdadir!
Shahar bilan qishloq aro
Bu ish da’vo, isbotdadir.
Senda pul ko‘р desa shahar,
Qishloq aytar, senda kuch ko‘p.
O‘rta yo‘lda bola-chaqa,
Erta-yu kech xaylala-xo‘p.
Yarmi balchiq, yarmi tuproq,
Yarmi shahar, yarmi qishloq.
Bilmadik, bu ishkal ishni
Qachon qilgan qaysi xo‘ja:
Bir general-nomi bilan
Bordir bunda ikki ko‘cha.
O‘n besh hovli birinchi uy,
O‘n sakkizta uchinchi son.
Manzilini topolmasdan
Shahar bo‘ylab xatlar sarson.
Asli shunday chatoqmi bu,
Shaharmi bu, qishloqmi bu?
Pochtamiz bor, qo‘shni, lekin
Qishloqsan deb qaramaydi.
Qishloq aytar, uzoq yo‘lga
Velosiped yaramaydi.
Gazet kelmas biz tomonga,
Kimsasi yo‘q oroldamiz.
Dodimizni tinglar osmon,
Robinzondek ahvoldamiz.
Eldan shuncha yiroqmi biz?
Shaharmi biz, qishloqmi biz?
Uraldan ham o‘tib ketdi
Buxorodan chiqqan olov.
Chor atrofdan bo‘y taratar
Zangor o‘tda pishgan palov.
O‘n qadamdan o‘tgan quvur
Bizning uyga kelolmaydi.
Chunkim bu joy qishloq emas,
Lekin shahar bo‘lolmaydi.
Yo asfaltmas, yo toshloqmas,
Yo shaharmas, yo qishloqmas.
Qishloq desa, na bog‘-rog‘-u
Ekin-tikin, mol-holi bor.
Xalqining na poda boqib,
Yer chopgudek ahvoli bor.
Manov qo‘shnim - fan doktori,
Chorvadorga o‘xshamaydi.
Bu qo‘shnimning vaqti bo‘lmas,
Rahbarlikdan bo‘shamaydi.
Shaharmi bu, qishloqmi bu
Arosat bir tuproqmi bu?..
Bilolmaymiz, qay mamlakat,
Qay o‘lkaning mulkidurmiz.
Qishloq borsak - masxaramiz,
Shahar kelsak - kulgidirmiz.
Do‘stlar, bizga ko‘mak bering,
Bizning ko‘cha qay yondadir!
Yoki falak azmi bilan
Manzilimiz osmondadir!
Biz sutmidik, pishloqmidik,
Shaharmidik, qishloqmidik!
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish