Navoiy g‘azaliga muxammas

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

NAVOIY G‘AZALIGA MUXAMMAS Ko‘z ochar gulshanda g‘uncha bulbul afg‘on aylagach, Nega afg‘on aylay ul gul yuzni tobon aylagach. Misli oykim, ko‘rk ochur sayri shabiston aylagach, Husni ortar yuzda zulfin anbar afshon aylagach, Sham ravshanroq bo‘lur torin parishon aylagach. Nega ul kun sochlaringni anbar afshon aylading? Ro‘zigorim tiyra, ko‘zim kavkabiston aylading? Qo‘lga qo‘ygachmu xinolar yo dilim qon aylading, Yuzni gullardan bezabmu bizni qurbon aylading, Yo yuzingga tegdi qonlar bizni qurbon aylagach Mehr so‘ndirgach dilida jonni so‘zon ayladi, Husnini obod etib, ko‘nglimni vayron ayladi. Sehr aylab oshikoro, bandi pinhon ayladi, Oshikor aylab yuzin ko‘zimni hayron ayladi, Yoshurun oldi ko‘ngil, ko‘zimni hayron aylagach. Men-ku sodiq mahram erdim og‘zi mahkam, ko‘ngli pok, Ishq simi etmasdim oshkor bo‘lgunimcha toki xok, Shafqat istab nola qildim, ont ichib yoqamni chok, Jonda qo‘yg‘och naqdi ishqin qildi ko‘nglimni halok, O‘ldurur mahramni sulton ganj pinhon aylagach. Nola-yu afg‘oning, Erkin, dilbaringga yetmadi. Yetsa ham yo bemehr yor zarra parvo etmadi, Bitdi ko‘p zahming na lekin ishq zahmi bitmadi, Ey Navoiy, ishq agar ko‘nglingni majruh etmadi, Bas, nedinkim qon kelur og‘zingdin afg‘on aylag‘ach.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.