Kuzatish

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

KUZATISH Ma’sum ko‘zlaringda sevinch bir olam, Murg‘ak ko‘ngling ichra dunyo hayajon. Bugun qo‘ymoqdasan maktabga qadam, Mustaqil Yurtimga tengdosh bolajon. Otang g‘ururlanar, onang bilmas tin, Buving bo‘ylaringdan yuz bor aylandi. Yangi hayot senga muborak bo‘lsin, Ozod Vatanimning ozod farzandi. Birinchi sentabr, birinchi nahor, Birinchi qo‘ng‘iroq, birinchi ta’lim. Osmoning beg‘ubor, diling beg‘ubor, Baxtli kun dunyoga kelgan asalim. Seni kuzatarkan, oyijon emas, Farishtalar soching tarab turibdi. Xayolimda shu bir xonadon emas, Olam yo‘llaringga qarab turibdi. Oydin istiqboling, iqboling bilan Ko‘nglimning eng shirin xayolidirsan. Niholsan, ertangi kamoling bilan Umidlar yurtining timsolidirsan. Ko‘nglim to‘la senga havas va ziyo, O‘zing o‘z, so‘zing so‘z, mutelik abas. O‘zga til, begona maslag-u ma’vo Endi senga aziz, mukarram emas. Hur mamlakat sening, hur yurak sening, Buyuk tarix sening, sening zamonang. Inqilob zuryodi emas Vataning. Qulluqdan boshlanmas milliy taronang. Shukr, shundoq kunga yetkazdi taqdir, Yorug‘ peshonangdan, kel, bitta о‘pay. Yuksaklarni ko‘zla, qarchig‘ay axir Polopon bo‘lsa ham zoti qarchig‘ay.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.