O'ZBEKISTONIM
1960-1990-yillar
Faxriya
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
O‘ZBEKISTONIM
Faxriya
Yurtim,
Seni yana oldim qalamga,
To‘ying, shodiyonang bahona bo‘lib.
Yana kelib qo‘nding tonggi misramga
Falak nisor etgan durdona bo‘lib.
Iqbol peshonamga bitgan oshyonim -
O‘zbekistonim.
Toleyim bor ekan,
Senga hamnafas,
Otashin quyoshing bilan yo‘g‘rildim.
Yuz yil avval emas, yuz yil so‘ng emas,
Tug‘yonli asrda senda tug‘ildim.
Gullar sochding men ilk bosgan qadamga
Bag‘ring menga nurli koshona bo‘lib.
Jahon ichra mening tengsiz jahonim -
O‘zbekistonim.
Maqsad manzilida dovon oshgan dam
Yo‘lchi ham bir to‘xtab olgandek nafas,
Marzagacha yetib borgan dehqon ham
Ortga boqib bir zum qilgandek havas.
Ellik bahor ко‘rib hayot bog‘ida
Umr kamoliga qo‘l cho‘zib inson,
Oltin darvozani chertgan chog‘ida
Sarhisob qiladi umrin begumon.
Bosib o‘tgan yo‘li shunda odamga
Tuyiladi ming bir pog‘ona bo‘lib.
Ming bir dovon oshgan alp pahlavonim -
O‘zbekistonim.
Asli ellik emas, ellik ming yoshing,
Kechmishing tarixlar nariyog‘ida.
To‘marisdek ona Kayxisrav boshin
Qon to‘la sanochga solgan chog‘ida,
Spitamen kamon tutib dastida
Maroqandni saqlab turganda uzoq,
Yovni adashtirib olim dashtida
Ko‘krak ochib qah-qah urganda Shiroq,
Hali o‘zbek emas, lekin olamga
Mashhur eding soq-u sug‘d ona bo‘lib
Iskandami majruh etgan kamonim -
O‘zbekistonim.
Vahshat vodiysida kechdi asrlar
Aljabr ustodin tuqquncha yering.
Ilming yuksalguncha Beruniy qadar,
To Alisher qqadar yetguncha she'ring
Hayratga solguncha fan olamini
Farg‘oniy chiqargan aniq hisoblar...
Tebransa ne ajab Toshkent zamini,
Bu yerga ko‘milgan milliard kitoblar
Farang-u Hind-u Chin, Iroq, Ajamga
Taralding Alqonun, Saydona bo‘lib.
Buyuklar tan bergan buyuk dostonim -
O‘zbekistonim.
Ming bora tiklanding, ming bor qulading,
Yovlar qamchisidan chekkanda ozor -
Alpomish singari o‘g‘lon tilading,
Tilading Go‘ro‘gli singari sardor.
Sen ham gullar terib umid bog‘ida
Tole orzusida tuzding alyorlar.
Ammo bo‘talaring qo‘ng‘irog‘idan
Cho‘llarda to‘kilib qoldi oh-zorlar.
Umring egiz bo‘ldi anduh-alamga
Orzularing bari afsona bo‘lib.
Barchinning ko‘ksida qolgan armonim -
O‘zbekistonim.
Zamin dardicha bor bir ayol dardi,
Oyning dog‘i balki uning dog‘idan.
Faryod olov bo‘lsa olam yonardi
Sharqlik juvonlarning chekkan ohidan.
Zebuniso o‘tdi tanho va mahzun
Boshida o‘t bo‘lib malika toji.
Tun bo‘lib yoyilar Qo‘qonda har kun
Nodirabegimning qirqilgan sochi.
Ayol!
To‘rt devorda ko‘milding g‘amga,
g‘azallarda faqat jonona bo‘lib.
Barnodek, Anbardek dili so‘zonim -
O‘zbekistonim.
Hali sokin tuman chulg‘ab bag‘rini
G‘aflat uyqusida yotardi olam,
Umid qalamida «Quyosh shahri»ni
Hali yozmagandi Kampanella ham.
Najot ko‘zi bilan mag‘ribga boqib,
Ko‘hna Xorazmdan yo‘l olgan karvon
Yovmut sahrosida oylar uloqib
Maskov tuprog‘iga yetganda omon,
O‘zbeklar to‘qigan shohi, gilamga
Boqqanda zariflar hayrona bo‘lib,
Do‘stlik ipak yo‘li ochgan karvonim -
O‘zbekistonim.
Darvozangni ochding ma’rifat, fanga,
Senga oshno bo‘ldi Pushkin kabi zot.
Lekin baxt-u iqbol kulmadi sanga
Hali olis edi sen kutgan najot.
Erk deya atalgan tabarruk shamga
Intilding bir umr parvona bo‘lib.
Parvonadek kuyib o‘rtangan jonim
O‘zbekistonim.
Dardingni kuyladi anhorlaringda
g‘ijirlab aylangan ko‘hna charxpalak
San’ating munaqqash devorlaringda,
Lekin obodliging bo‘ldi Hapalak.
Parilaring tutqun bo‘lib haramga,
Ulug‘ shoirlaring devona bo‘lib,
Taqdir sahrosida zor-u sarsonim -
O‘zbekistonim.
Ko‘p ellarni kezdim, ko‘p yurtlar ko‘rdim,
Bir-biridan go‘zal, bir-biridan soz.
Lekin Sharqda mash’al charog‘on yurtim
Olamda tengi yo‘q o‘lkadir mumtoz
Bunda do‘stlik kuyin aytur har chechak,
Bunda baxtni qilur har bulbul navo.
Dillardagi azal bashariy tilak -
Buyuk birodarlik gulshani aro
Osiyoxon degan suluv sanamga
Oltin sep-u atlas so‘zona bo‘lib
Kulib turgan, yorug‘, munis makonim -
O‘zbekistonim.
Yiroqdan eshitib sumay ovozin
Ko‘chaga yugurgan bola singari,
Men ham qo‘lga olib sibizg‘a sozim
To‘yingga shosharman eldan ilgari.
Tilak shu - qo‘shig‘im katta bayramga
Yetib borsa kichik to‘yona bo‘lib.
Mening ham qolmasdi dilda armonim,
O‘lkam, onajonim, yuragim, jonim -
O‘zbekistonim.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish