Dengiz tashlab ketgan kemalar

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

DENGIZ TASHLAB KETGAN KEMALAR Kuni kecha edi, To‘lqinlarin Qirg‘oqqa urib, Mast tuyadek hayqirib, Kuyiklar sochib Ko‘kka sapchir edi Bu yerda Orol. O‘zim ko‘rgan edim, Kezib yurgan edim, Asov bu qudratdan Hayron turgan edim. Mana endi Qudrat o‘rnida Hokim sukunatga, Oq qum bo‘lib ko‘ringan Oppoq uqubatga Termulaman lol. Nima qilib qo‘ydik, Seni, ona dengiz, Nimalar bo‘lmoqda, o‘zi, Nimalar? Sevgi tashlab ketgan yurakdek, Bolalikda bizlar ishongan, Keyin yolg‘on chiqqan ertakdek Ona kaftidan ayru, Bola taftidan ayru O‘ksik va g‘arib belanchakdek Qum ustida yonboshlab yotar Dengiz tashlab ketgan kemalar. Bir uyga o‘t ketsa Aybdor izlanar, Bir ko‘zgu darz ketsa Aybdor izlanar. Bir jonga zarb yetsa Aybdor izlanar. Kuysa bundoq xonu monimjz, Chil-chil bo‘lsa qutlug‘ jomimiz Bu gunohning so‘rog‘i bormi? Bormi jallod hukmiga qonun? So‘rib bo‘lsak daryolar qonin, Sabil etsak zaminning jonin, Oq baloning oppoq bo‘roni Qaro qilsa yurtning osmonin, Kulfatlarning adog‘i bormi? Gunohimiz so‘rog‘i bormi? Biz olmasak tabiat yonin, Bizda bundoq bo‘lmasa qonun, U yaratgan beshafqat qonun Mahkum qilg‘ay bizni oqibat. Asramasak Orolning jonin, Chil-chil qilsak havo qalqonin Oq qum emas, qorlar bo‘ronin Hadya etsa bizning adolat - Sir-ku yana to‘lib oqadir, Amu - Amu bo‘lib oqadir Orol yana dovul qoqadir, Ammo inson! Ne qilar inson? Paxta unmas bu tuproqda tek, O‘z-o‘ziga saqlab o‘kinch, kek, Dengiz tashlab ketgan kemadek Jim-jit cho‘lda qoladir hayron.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.