O‘zimga savol
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
O‘ZIMGA SAVOL
(Mustazod)
Umring o‘tadir, sen na xayollar suradirsan,
Beg‘am yuradirsan?
Maqsad ne, farog‘at ko‘yiga yo‘l buradirsan,
Kimga jo‘radirsan?
Ochilgali ko‘z shartmi ekan toshga bosh urmak,
So‘ng ko‘zni yashurmak,
Ne оy bila nodon toshiga bosh uradirsan,
Ne naf ko‘radirsan?
Yillar ko‘pi ketdi, ozi qoldi, ne qilolding,
Kim bo‘la olding?
Qum ustiga sen bo‘yla imorat quradirsan,
Ham aysh suradirsan.
Haddingni bilib chek qo‘y о‘yin, bazm, o‘tirishga,
Ko‘z och, o‘tir ishga.
Ko‘rsatmagay ul kunniki, sen oh uradirsan,
Hayron turadirsan.
Yig‘lab keladir ushbu jahonga aziz inson
Kulgay u ketar on.
Shoyadki, hayot qarzin uzib ulguradirsan,
Qah-qah uradirsan.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish