Otdoshlarimga

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

OTDOSHLARIMGA Ismlarning tarixi uzoq, Ismlarda asrlik qismat. Ular bari orzudek porloq, Pokizadir bamisli niyat. Farzand asli umr davomi, Tiriklikka egizak armon. Armon bilan bolalar nomi Nurxon bo‘ldi, bo‘ldi Shodmon. O‘g‘lon kо‘rib qildilar tilak, Omon bo‘lsin ofatdan bu bosh, Balolarni yog‘dirsa falak, Ismi kabi bo‘lsin Temir, Tosh. Chaqaloqni yo‘rgakka tug‘ib, «Yana holva», deganda doya, Ota, endi o‘g‘il kerak, deb Qiziga nom qo‘ydi: Kifoya. O‘g‘il bo‘lsa - yurt ko‘ksi baland, O‘g‘il tutar ketmon-u o‘q-yoy... O‘g‘il bola orzusi bilan Qizlar nomi bo‘ldi O‘g‘iloy. Ona farzand ko‘rib to‘rtovlon, Qaro yerga bersa torttasin, Tug‘ilganda beshinchi o‘glon Umid bilan degan «To‘xtasin». Bo‘lib taqdir qahridan malul, Chekib falak jabridan ozor, Farzandlarga nom qo‘ydilar, qul - Abduqahhor va Abdujabbor. Zora, tole belgisi bo‘lsa, Zora bo‘lsa omad rivoji, Bola qizil dog‘lik tug‘ilsa, Atadilar baxt uchun Tdji. Necha yuz ming avloddan qolgan Armonli bu dunyoda yashar - Farzandlarga haq Tilab olgan Umrboqiy, Umruzoq bashar. Bu kun yangi olam barobar Nomlarda ham yangicha ma’no. To‘rt yigitning birisi Anvar, Beshta qizning birisi Ra’no. Boqib Erkin nomli o‘g‘longa Ko‘kkа yetar sevinchdan boshim. Qadam qo‘ysam qay xonadonga Ro‘paramdan chiqar otdoshim. Otdoshlarim, Toleyimizga Shunday ism baxt-u ko‘rkimiz, Egiz bo‘ldi, esh bo‘ldi bizga, Ham e’tiqod bo‘ldi erkimiz. Nom qo’ydilar bizga otalar Erkin ko‘rmoq bo‘lib dunyoni.. Mangu Erkin bo‘lsin dedilar Farzandlarning yuragi, joni. Erkin bo‘lsin hayot va mehnat, Erkin bo‘lsin muhabbat, ijod. Yayrab o‘ssin farzandim, Faqat - El g‘amidan bo‘lmasin ozod. Qalbi kurash shavqiga to‘lsin, Oshno bo‘lsin unga tug‘yonlar. Erk yo‘lida fidoyi bo‘lsin Erkin nomin olgan o‘g‘lonlar...
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.