Do‘stlarga maktub
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
DO‘STLARGA MAKTUB
Bukun derazamni ochdim-u sahar
Yuzimga urildi salqin shabboda.
Xayolchan shivirlab qizrimtir barglar
Kuzak hikoyasin soylardi bog‘da.
Ajab, bir kechada o‘zgarmish olam,
Bir kechada borliq olmish o‘zga tus.
Inson umri kabi tezdir fasl ham,
Kecha yoz edi-ku, bukun, qarang, kuz.
Men ham kechagina o‘spirin edim,
G‘ururli talaba edim, qaddi tik.
Bizni ham chorlardi kuzakda terim,
Gurpaklashib yurib paxta terardik.
Oq oydin dalalar, shiypon, oromgoh...
Ko‘z oldimdan o‘tar hamma hammasi.
U damlar shukuhin eslatdi nogoh
Derazamdan kirgan kuzning nafasi.
Qaydasiz, qaydasiz, mening do‘stlarim,
Sizni jon-jonimdan sog‘indim bukun.
Qaydasiz, Anbara, Shokir-u Karim,
Qayda to‘rt dugona - yuzlari gulgun?
Kecha emasmidi ul zavqli kuzak,
Qarang-a, shuncha vaqt o‘tib ketibdi.
Biz xayrlashgan yil tug‘ilgan go‘dak
Bugun rosa o‘n besh yoshga yetibdi.
Bizlar dorilfunun oshyonidan
Uchirma qushlardek uchdik har tomon.
Har kim makon tutdi o‘z bo‘stonidan,
Bugun davra o‘zga, o‘zgadir davron.
Har kim o‘z baxti, o‘z dardi bilan band,
Turmush qozonida qaynab yotamiz.
Kuni kecha edik o‘zimiz farzand,
Bugun farzandlarga ona, otamiz.
Mana kuzak keldi, yellari sarin,
Yoshlikdagi kabi tiniq, beg‘ubor.
Qayda bo‘lsangiz, ey qadrdonlarim,
Talabalik davrin eslangiz bir bor.
Yangi do‘stlar bilan dalaga borib,
Hordiq kunlarida paxta tergan on.
Eslab qo‘ying oqshom chang bo‘lib, horib,
Qo‘shiq aytib qaytgan chog‘imiz xandon. '
Oppoq dalalarga zavq bilan qarang.
Sharifa termilib qaragan kabi.
Bu chanoq - intila-intila arang.
Shoir bo‘lgan bitta do‘stingiz qalbi.
Hanuz talabamiz, hanuz yoshmiz, bas,
Shavq-u xayolotning bandalarimiz.
Dalaga sochilgan paxtalar emas,
Bizning yoshlikdagi xandalarimiz.
Ey, mening do‘stlarim, kirom-u matlub,
Yoshlikning o‘ziday aziz, yagona.
Sizni уodga olib yo‘lladim maktub
Kuzak shabbodasi bo‘ldi bahona.
Tilagim, bizlarga baxtdek yo‘liqqan
Ilk tuyg‘u, sevinchlar doim yor bo‘lsin.
Umringiz biz ilk bor paxtaga chiqqan
O‘sha pok fasldek beg‘ubor bo‘lsin.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish