Qorxat(Shoira qizlarga)
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
QORXAT
(Shoira qizlarga)
Qor yog‘ar - osmonda oqqushlar uchar,
Qor yog‘ar - osmondan oq ukpar tushar.
Qor yog‘ar yer-u falakni to‘ldirib,
Bizlar ersak issiq uyda o‘ltirib,
Tark etolmay xalqimizning odatin.
Yozamiz do‘stlarga do‘stlik qorxatin.
Qorxat asli qorday oppoq dil xati,
Oq ko‘ngilning mehri, tafti, hurmati.
Oshinolik, chin vafo izhori ul,
Gohi pinhon sevgining iqrori ul.
Qor yog‘ar, qorxat ila xullas kalom,
Shoira qizlarga yo‘llaymiz salom.
Sizga, ey Gulchehra qizlar, E’tibor,
Aytamiz ko‘ngilda orzu neki bor.
Oy Halima, ham Malika, Tursunoy,
Ey chiroy-u fayzga boy-u she’ri soy,
Sizga dildan eng, samimiy ehtirom,
Yangi yilning tabrigi ham assalom!
Endi kelsak so‘zning indallosiga,
Ya’ni qorxatning asl ma’nosiga
Yangi yilda davra tuzmoq farz bo‘lur,
Kim yutilsa, bir ziyofat qarz bo‘lur.
Qorxat eltgan elchimizni tutsangiz,
Tan berurmiz, qarz bo‘lurmiz, yutsangiz.
Yo‘qsa o‘zni katta ishga chog‘langiz,
Shu bugundan pesh etakni bog‘langiz.
Bermangiz Gulchehralarga zarra dam,
Biryo‘la yuvgay mukofotlarni ham.
Yeng shimarsin Mo‘tabar, Oydin bukun,
Qarz ular bulturgi dostonlar uchun.
Tutdi bir qo‘lda gazet, bir qo‘lda tor,
«Lirika»ni yuvmadi lek E’tibor.
Bibisora ham Sanobar qaydadir,
Bitta she’ri bir ziyofatga tatir.
Xullas, endi barchangiz hamdam bo‘ling,
Xuddi «Qizlar davrasi»dek jam bo‘ling.
She’r yozar chog‘idagidek yoningiz,
Bunda dasturxoningiz - dostoningiz.
O‘zingiz aylang tovus yanglig‘ xirom,
She’riyatday totli bo‘lsin har taom.
Ol yanog‘ingiz kabi olma, anor,
Ko‘zlaringizdek charos boqsin xumor.
Eslatib ham pistalar xandoningiz,
Yuzingizdek kulsa shirmoy noningiz.
Bo‘lsa bodomlar qabog‘ingiz kabi,
Ham murabbolar dudog‘ingiz kabi.
Lag‘mon eshib tola-tola sochingiz,
Misli yoyib tashlaganday sochingiz.
Sochdagi bargakdayin ko‘k bodiring,
Ham xino yang‘lig‘ patinjon oldiring.
Tarvuz-u qovunni ham serob qiling,
Xuddi oshiqlarni tilganday tiling.
Har uzum bo‘lsin dur-u marjon kabi,
Yo Mukarram she’r o‘qib turgan labi.
Shabnamikimoy Nilufar xoliday,
Ta’mi Oydin she’rlarining boliday,
Tursa soz sizning g‘azal yanglig‘ sharob,
Kirsa boz bizning yurak yanglig‘ kabob.
Ol anorni dilni ezganday ezing,
Sharbatini mayni suzganday suzing,
Barcha ne’mat bir tomon-u she’r soz,
She’r birlan bizni aylang sarafroz.
O‘ltirib oppoq sahardan toki shom
Bo‘lmasin hech bahs-u she’rxonlik tamom.
Bu kabi suhbatga chin do‘stlar aro
«Qilsa arzir yuz Saida jon fido».
Men bo‘lay bir necha hamrohim bilan.
O‘lmas-u Abdulla, Ibrohim bilan.
Borgumiz yutsak agar albatta biz,
Yo‘qsa siz izzatda-yu xizmatda biz.
Shoyusuf obkashda tongdan suv tashir,
Ham Barot o‘qlog‘ tutib yoygay xamir.
Chuchvara tukkay Muhammad cho‘kkalab,
O‘t pudar Husniddin o‘zdan o‘pkalab.
Ne ajab, kuysa patir, yonsa qozon,
Tandir oldida Rauf, oshpaz - Omon.
«Нау» deb uf tortib Jamol yelpir kabob,
Topmayin chovlini Oxunjon xunob.
Shu mahalda bir latifa, shubhasiz,
To‘lqin-u Anvarga so‘ylaydur Aziz.
Oqibat mehmonxona qoq yer bo‘lur,
Katta dasturxonda yolg‘iz she’r bo‘lur.
Bir tomonda siz pariruxsoralar,
Bir tomonda biz g‘arib bechoralar.
Kim qoshin kuydirgan-u do‘ppini kim,
Bosh egarmiz, yolvorarmiz sizga jim...
Xat yozildi, endi biz omad talab,
Elchining chaqqonligida hamma gap.
Yo‘llasak Ma’ruf Jalilni - ancha bo‘sh,
Yoki Sayyormi? U bo‘lmas, laqqa go‘sht...
Xo‘sh, kim elchi? Ha, bilib ishning ko‘zin,
Elchi qildik mulla «Mushtum»ning o‘zin.
Ushlab olmoqning sira imkoni yo‘q,
Chunki u ketguvchi yer poyoni yo‘q...
Qor yog‘ar - osmonda oqqushlar uchar,
Qor yog‘ar - osmondan oq ukpar tushar.
Qor yog‘ar, qorxat ila xullas kalom,
Barcha oy qizlarga yo‘llaymiz salom.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish