O‘zbekiston bog‘lariga qaytib keldi bulbullar
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
O‘ZBEKISTON BOG‘LARIGA QAYTIB KELDI BULBULLAR
Bugun sahar bulbullarning chah-chahidan uyg‘ondim,
Shohimardon tog‘larida bir yayradim, quvondim.
Bir-biriga navbat bermay qo‘shiq aytdi bulbullar,
Shukr bo‘lsin, bog‘larimga yana qaytdi bulbullar?
Necha zamon noyob edi olkamda bu tarona,
Necha zamon bulbullarni sog‘ingandi Farg‘ona.
Tomigacha paxta ekkan elda netar bulbullar,
Osmonidan zahar yoqqan yurtdan ketar bulbullar?
Chamanzorlar shudgor bo‘lsa bulbul qandoq yayrasin,
Erk qushchasi erk yo‘q joyda qandoq qilib sayrasin?
Mana, bukun bog‘larimga qaytib keldi bulbullar,
Hur Vatanga hur qo‘shiqlar aytib keldi bulbullar,
Men ham endi qalamimni she’rlar uchun charxlayin,
Bu sehrli taronani g‘azallarda sharhlayin.
Bugun sahar bulbullarning chah-chahidan uyg‘ondim,
Shohimardon tog‘larida bir-yayradim, quvondim.
Chamanlarda sho‘x sayrasin, zavqqa to‘lsin bulbullar,
Qaytmas bo‘lib vatanimga kelgan bo‘lsin bulbullar.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish