Ota tilagi
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
OTA TILAGI
Taajjub, deyman-u yoqa tutaman,
Murg‘ak bola edim kecha-ku o‘zim.
Bugun qarabsizki, men ham otaman,
Mening ham о‘glim bor - umid yulduzim.
Qalbim urmoqda shu mushtdek yurakda,
Yangidan о‘smoqda kichkina jismim
Demakki, hayotim davom etmoqda,
Demakki, olamda qolmoqda ismim.
Nima bor men uchun uningdek aZiz?
Arzir bir so‘ziga jon fido etsam.
Jahonda nimaki bo‘lsa eng laziz,
Faqat uning uchun muhayyo etsam.
Kiprigiga zarra qo‘nmasa qayg‘u,
Baxti komil bo‘lsa, toleyi bekam.
Ko‘rsa men ko‘rmagan shodliklarni u,
Yetsa men yetmagan niyatlarga ham.
Ammo u bir umr bo‘lmay oshino
Tiriklik deganning zahmat, dardiga,
Bila olamikin nadir bu, dunyo,
Yeta olarmikin hayot qadriga?!
О‘glim, ey, umidim bog‘ida nihol,
Yorug‘ peshonangni o‘pib silayman.
Shu aziz boshingga eng nurli xayol,
Qalbingga eng toza hislar tilayman.
Ulg‘ayarsan, yigit bo‘larsan bir kun,
Ortda qolar yoshlik, о‘yin, ermaklar.
Olamni yelkada ko‘tarmoq uchun
Dunyoga keladi, bilsang, erkaklar.
Ertangi kuningni o‘ylab shu paytdan
Borliqni quvonchim bilan о‘rayman.
Seni menga bergan bu tabiatdan.
Sening yuragingga olov so‘rayman.
Mayli, mushkul bo‘lsin sen tanlagan yo‘l,
Tole ham, mayliga, kelmasin oson.
Faqat odam qadrin bilar odam bo‘l,
Bo‘l inson dardini bilguvchi inson!..
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish