Yolg‘izlik istagi

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

YOLG‘IZLIK ISTAGI «Meni yolg‘iz qo‘ying, do‘stlarim, Charchaganman, orom olayin. Bugun menga kerakmas hech kim, O‘zim bilan yolg‘iz qolayin. Istamayman, bezovta qilmang, Mensiz o‘tsin buguncha gurung. Bir kungina qoshimga kelmang, Bir kungina chaqirmay turing. Toliqqanman tekkundek jonga Ulfat, to‘y-u tomoshalardan. Charchaganman, meni mehmonga Chaqirguvchi oshinolardan. Kerak emas menga bu farah, Bu kun menga kerakmas sharob. Do‘stlar aro ko‘tarib qadah, She’r o‘qish ham men uchun azob. Qo’ying, bugun qolay gashtakdan, Bo‘lolmasman siz bilan birga. Bari bir men yayrab yurakdan, Kulolmasman siz bilan birga. Bugun menga sukunat kerak, Sukunatki, yo’qlik qadar tinch. Faqat jimlik tilaydi yurak, Sizdan bugun birgina о‘tinch Yolg‘iz qo‘ying meni, do‘stlarim, Charchaganman, orom olayin. Bugun menga kerakmas hech kim, O‘zim bilan yolg‘iz qolayin». Ey do‘stlarim, bir zamon kelib, Shunday so‘zlar uchsa labimdan, Siz ishonmang soddalik qilib, Chiqqan bo‘lmas bu so‘z qalbimdan. Yur, deng meni o‘shanday damda, Quloq solmang, so‘zlarim yolg‘on. Yolvorsam-da, faryod qilsam-da, Yolg‘iz qo’ymang meni hech qachon. Toki hech vaqt eshikka tanho Termulmasin ma’yus ko‘zlarim. Mayli, meni o‘ldiring, ammo Yolg‘iz qo‘ymang sira, do‘stlarim.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.