Gullar bazmi
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
GULLAR BAZMI
Gul fasli sanam
Sayr ila gulshanda bo‘libdur,
G‘uncha kо‘z ochib,
Gul yuzida xanda bo‘libdur.
Gullar ichida
Shohi o‘zim, der edi Lola,
Mag‘rurligidan
Ul o‘zi sharmanda bo‘libdur.
Karnay gulining
Og‘zi ochiq, vola-yu hayron,
Nargisning, ajab,
Ikki ko‘zi sanda bo‘libdur.
Saf-saf tizilib.
Safsar oyog‘ingga qo‘yib sar,
Band-band uzilib,
Joni bilan banda bo‘libdur.
Qirq boshlarimiz,
Qirq deya qirq og‘a-ini gul,
Tig‘ingga ular
Bari sarafkanda bo‘libdur
Yuz jilva bilan
Nozli xirom etsa pechakgul,
Shohigulaning
Raqsiga xonanda bo‘libdur.
Qalqib keladir
Suvda nilufar senga peshvoz,
Oq shoxida hur
Sayr ila yelkanda bo‘libdur.
Gulshanda kezib
Xo‘p sara guldasta tuzibsan,
Erkinning esa
She’ri parokanda bo‘libdur.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish